Tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, doʻkonlarga yetkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash sexlarini tashkil etish jarayonlarini umumlashtiradigan “Tomorqa xizmati” klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishni davrning oʻzi talab qilyapti.

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida 9 ta faoliyat yoʻnalishini mujassam etgan «Agro hamkor tomorqa xizmati» MCHJ Klasteri oʻz faoliyatini boshladi. A.Navoiy mahallasida joylashgan mazkur klasterning ochilish tadbiri boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan «Agro hamkor tomorqa xizmati» ga 1 milliard 960 million soʻm mablagʻ ajratilgan.

Klasterda oʻrta hisobda 35-40 ta doimiy, 100 ga yaqin mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi, deb xabar beradi Guliston tumani hokimligi matbuot xizmati.