Muqaddam aholi foydalanuvida boʻlgan, biroq yaroqsiz boʻlib, tashlandiq holatga kelib qolgan suv havzasi rekonstruksiya qilinib, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan foydalanishga topshirildi.
Piyodalar yoʻlakchasi, veloyoʻlakcha hamda qumli toʻshamalar bilan oʻralgan hovuz atrofi yangicha qiyofa kasb etdi.
Mazkur kompleks 24 soat faoliyat koʻrsatishi uchun zarur boʻlgan quyosh batareyali 90 ta tungi yoritish chiroqlari bilan taʼminlandi.
Madaniy hamda koʻngilochar tadbirlarni ochiq havoda oʻtkazishga moʻljallangan maxsus sahna (amfiteatr), 5 ta yengil tipdagi savdo doʻkonlari qurilgan hamda tashlandiq holatdagi 2 ta bino taʼmirlanib, xizmat koʻrsatish uchun tayyor holga keltirilgan. Ulardan birida “bookcafe” shaklidagi kutubxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Eʼtiborlisi, Doʻstlik kanaliga 2 ta kater keltirilib, dam oluvchilar uchun kanal boʻylab sayr qilish imkoni yaratildi.
Suv havzasi hamda kompleksda yengil konstruksiyali hojatxona, choʻmilish xonasi va kiyim almashtirish xonalari zamonaviy tipda qurilgan.
Shuningdek, 10 500 kvadrat/metr maydon koʻkalamzorlashtirildi, 2 mingdan ziyod manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Ushbu bunyodkorlik ishlari uchun tadbirkorlar tomonidan 2 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
Kompleksda “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 30 dan ortiq ayollar va yoshlar tibbiy, sanitar, ijtimoiy va boshqa sohalarda ish bilan taʼminlandi.
Xiyobon tantanali ochilish marosimida “Boʻsh ish oʻrinlari va vakant lavozimlari” yarmarkasi ham oʻtkazildi.
Mehnat yarmarkasida viloyatning barcha tuman (shahar)laridan 60 ga yaqin korxona va tashkilot, yirik fermerlar va xususiy tadbirkorlar mavjud 1 500 dan ortiq boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdilar.
Yakunda 113 nafardan ziyod ishsiz fuqarolarga ishga joylashtirish, kasb oʻquvga yuborish, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yoʻllanmalar berildi.
Birgina joriy yilning oʻtgan davrida viloyat boʻyicha 15,6 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan boʻlsa, ularning 9,8 mingtasi yoki 62,1 foizi bevosita yoshlar uchun tashkil etildi. Ularning aksariyat qismini kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari tashkil etdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.