Savdo markazi ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda mazkur kompleks aholiga qulay va maqbul savdo xizmatlarini yoʻlga qoʻyishi, qolaversa, hududning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirish yoʻlidagi xayrli qadamlardan biri ekanligini taʼkidlandi.
Ochilish marosimi ishtirokchilari savdo markazida yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar, mahsulotlar turlari, narxi va sifati bilan yaqindan tanishdilar.
Toʻrt qavatdan iborat majmuada ayni paytda mahalliy aholi vakillaridan 500 nafarining bandligi taʼminlangan. Ularning aksariyati yoshlarni tashkil etadi. Yana bir eʼtiborli tomoni, majmuadagi goʻsht va goʻsht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari rastalari aynan mahalliy yetishtiruvchilar ixtiyoriga berilgan.
Birinchi qavatda yirik assortimentga ega 1 500 kvadrat/metrda “MAKRO” oziq-ovqat gipermarketi, oʻzining qulayligi, sifati bilan tanilgan “ISHONCH” maishiy texnika va elektronika savdosiga ixtisoslashgan internet doʻkonlar tarmogʻi joylashgan.
Ikkinchi qavatda ayollar, erkaklar va bolalar kiyim-kechak doʻkonlari, sarpo buyumlari, “INDENIM” brendi, “Redtag” va “Flo” kabi nufuzli brendlarning mahsulotlari ham xaridorlar uchun muntazir. Ushbu qavatda Atelye mod, parfyumeriya va aksessuar doʻkonlari ham joy olgan.
Shuningdek, uchinchi qavatda bolalar maydonchalari, “BOWLING” markazi, ovqatlanish maydoni fudkort va boshqa koʻngilochar obyektlar joy olishi rejalashtirilgan. Oziq-ovqat maydonida “EVO”, “Bellissimo”, “STREET 77”, “Les Ailes” va shu kabi mahalliy oziq-ovqat tarmoqlari joylashadi.
Markazning eng yuqori toʻrtinchi qavatida panoramali oʻzgacha manzaraga ega qahvaxonalar, ochiq ayvonlar mavjud, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.