Matbuot tadbirida qayd etilganidek, Shveysariyada joylashgan aktivlardan tashqari, Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning boshqa xorijiy davlatlardan ham jinoiy aktivlarini qaytarish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Masalan, Fransiya Respublikasidan 2020 va 2021-yillarda taqriban jinoiy uyushgan guruh aʼzolariga tegishli koʻchmas mulklarni (Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasrlar) sotilishi natijasida 20 million AQSH dollariga teng pul mablagʻlari Oʻzbekistonga qaytarildi.

Belgiya Qirolligida ham jinoiy uyushgan guruhga tegishli boʻlgan aktivlar joylashgan. Ularni qaytarish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi mutasaddi tashkilotlari hamda Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Taʼkidlash joizki, Belgiyada tergov jarayoni tugamaganligi sababli (tergov siri), ushbu aktivlar haqida koʻp maʼlumot oshkor qilish imkoniyati mavjud emas.

Buyuk Britaniyada Gulnora Karimova va uning sheriklariga tegishli boʻlgan 10 million funt sterling miqdoridagi mablagʻlar va 3 ta koʻchmas mulkning taqdiri Londonning Oliy sudida koʻrib chiqish jarayonida.

Latviya Respublikasida ham bir talay aktivlar mavjud. Latviya sud organlari tomonidan 2018-yili Oʻzbekiston Respublikasida chiqarilgan hukmlar (Latviyada joylashgan aktivlarni Oʻzbekiston daromadiga musodara qilish haqida) tan olingan.

Aktivlar 15 million AQSH dollariga teng mablagʻlar, 850 unsiyaga (26 kg.) teng oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-koʻngilochar majmuadan tashkil topgan.

Biroq, afsuski, bu boradagi barcha ishlar ham osonlikcha amalga oshayotganligi yoʻq. Masalan, Latviyadagi yuqoridagi aktivlarni qaytarishda murakkabliklar yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, ushbu davlatdagi aktivlarni qaytarish boʻyicha ishlar qatʼiy izchillik bilan davom ettirilmoqda.

2021-yil noyabr oyida Moskva shahrida joylashgan aktivlarni (6 ta xonadon) Oʻzbekiston daromadiga oʻtkazilishi haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan.
Hozirgi paytda, ushbu koʻchmas mulk obyektlarini Rossiya sud ijrochilari tomonidan sotish jarayoni davom etmoqda. Sotish natijasida kelib tushgan pul mablagʻlari Oʻzbekiston va Rossiya foydasiga teng ulushlarda boʻlinishi Moskva shahar sudining qarorida oʻz aksini topgan.

Jinoiy aktivlarning umumiy qiymati qariyb 1,3 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi.

Adliya vaziri oʻrinbosari Muzraf Ikramovning taʼkidlashicha, hozirgi kunga kelib, mazkur pullar 14,3 trillion soʻmni tashkil etib, ularni hisobiga 1400 tadan ortiq maktablar qoʻrsa boʻladi.