Bu haqda iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Otabek Fozilkarimov maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, musodara qilingan jami 131 mln dollarni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Ayni paytgacha mamkalatga kelib tushgan 87 mln dollarlik mablagʻlar sogʻliqni saqlash va taʼlimga sarflanmoqda (har bir sohaga 43,5 mln dollardan).
Iqtisodiyot va moliya vazirligining maʼlum qilishicha, Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy aktivlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga koʻra, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga yoʻnaltirilmoqda.
Bu haqda 2022-yil 16-avgustda Oʻzbekiston bilan Shveysariya oʻrtasida restitutsiya bitimi imzolangan edi. Mazkur bitim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi, Shveysariya va BMT hamkorligida BMTning koʻp tomonlama trast jamgʻarmasi huzurida “Ishonch” jamgʻarmasi tashkil etildi. Uning mablagʻlarini yoʻnaltirish uchun Strategik qoʻmita va Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi tuzildi.
Bitim doirasida birinchi transh uchun 131 million dollar mablagʻni qaytarish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Jumladan, sogʻliqni saqlash sohasida respublikamizdagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olindi. Iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan yana 1 ming 400 dan ortiq tibbiy jihozlar olib kelinishi koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, BMT tashkilotlari tomonidan 11 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari oʻqitildi. Tugʻruq muassasalarida tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha 29 ta milliy protokol va qoʻllanmalar jahon standartlari asosida yangilandi.
“Ishonch” jamgʻarmasi hisobidan taʼlim sohasida moʻljallangan ishlar ikkita komponentga boʻlingan holda amalga oshirilmoqda.
Birinchisi boʻyicha axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali taʼlim imkoniyatlarini oshirish loyihasi ishga tushirilgan.
Ikkinchi komponentga asosan, xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda, maktablarda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, maktablarni boshqarishga jamoatchilikni jalb qilishga qaratilgan loyiha taklifi ishlab chiqilgan.