Gumanitar yordam yuki Oʻzbekistondan Qirgʻizistonga yetib bordi

    Xalqaro hamkorlik 18 Noyabr 2020 741

    Xabaringiz bor, bir kun oldin Andijon stansiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan birodar qirgʻiz xalqini qoʻllab-quvvatlash tadbiri doirasida tashkil etilgan gumanitar yuk yuborilgan edi. Yuk poyezdiga 3 ming tonna bugʻdoy yuklagan. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati koʻmagi bilan poyezd qoʻshni davlat Oʻsh shahridagi stansiyaga yetkazildi.

    – Biz mamlakatimiz rahbariyatining topshirigʻi bilan yuborilgan gumanitar yordamni yetkazib berdik, – deydi Xusnitdin Xosilov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchisi. – Bu birinchi yuborilgan poyezd boʻlib, yaqin orada ixtisoslashtirilgan shifoxona konteynerlarini oʻz ichiga olgan yana ikkita poyezd joʻnatish rejalashtirilmoqda. Ular temir yoʻl orqali Oʻsh va Bishkek shaharlariga boradilar. Shunisi eʼtiborliki, konteyner shifoxonalari tajribasi Oʻzbekistonda sinovidan oʻtgan va oʻzini yaxshi koʻrsatdi.

    Shu kunlarda Oʻzbekistondan Qirgʻizistonga samolyot orqali tibbiy yuk (uskunalar va dori-darmon vositalari) yetib kelgan boʻlib, ular ushbu konteyner shifoxonalari uchun moʻljallangan. Shuningdek, COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va davolashda yordam berish uchun oʻzbekistonlik shifokorlarini yuborish ham rejalashtirilgan.

    Bugʻdoy ortilgan poyezdni kuzatib borgan Oʻzbekiston delegatsiyasini kutib olgan mutasaddilar, pandemiya davrida mamlakatimiz tomonidan koʻrsatilgan koʻmagi juda dolzarb ekanligini taʼkidladilar va koʻrsatilayotgan yordam uchun Oʻzbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirdilar.

    — Maʼlumki, 14-noyabr kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Sadir Japarov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi, – deydi Jarasul Abduraimov, Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatining Oʻsh viloyatidagi muxtor vakili. – Bugun esa biz gumanitar yukni qabul qilmoqdamiz. Tezkorlik bilan koʻrsatgan yordam uchun oʻz minnatdorchiligimizni bildirmoqchimiz. Biz oʻzbek xalqiga farovonlik va sogʻlik-salomatlik tilaymiz, xalqlarimiz doʻstligi abadiy boʻlsin!