Gumondorlarga nisbatan goʻyoki qiynoqlar qoʻllanilmoqdami?

    Xavfsizlik 2 May 2023 681

    Fuqaro X.A. qoʻlga olish jarayonida qattiq qarshilik koʻrsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qoʻlga olingan.

    Ichki ishlar organlari tomonidan bosqinchilik va boshqa ogʻir turdagi jinoyatlar boʻyicha tergov harakatlari olib borilayotgan bir nechta gumondorlarga nisbatan goʻyoki qiynoqlar qoʻllanilganligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

    Maʼlum qilinishicha, 2023-yilning 12-aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qoʻrquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruhning 10 nafar aʼzolari qoʻlga olingan.

    Guruh aʼzolarining ilgari ogʻir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, Ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qoʻlga olinganlar va zararsizlantirilganlar. Gumondorlarning yonidan, oldidan maxsus tayyorlangan 2 dona oʻtkir tigʻli jism, bir nechta skotch, Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qoʻlqoplar, 0,7 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumondorlarni boshqa bir qator ogʻir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi oʻrnatilgan tartibda himoya bilan taʼminlangan.

    Shuningdek, joriy yilning 6-aprel kuni Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli taʼsir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qoʻlga olish jarayonida qattiq qarshilik koʻrsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qoʻlga olingan.

    Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251- prim 1 moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, boshqa ogʻir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Gumonlanuvchi protsessual tartibda himoya bilan taʼminlangan.

    Shu bilan birga, yuqorida bayon etilgan jinoyat ishlari boʻyicha gumondorlarning ayrimlari muntazam ravishda sport bilan shugʻullanib kelganliklari, ilgari koʻchada turli mushtlashuvlarda qatnashganliklari aniqlangan boʻlib, hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud boʻlgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosogʻlom shov-shuv uygʻotish maqsadi koʻzlanayotganligi haqida maʼlumotlar mavjud.

    Har bir holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.