Gurlandagi yangi tikuvchilik fabrikasi 500 nafar xotin-qizni ish bilan ta'minladi

    Xorazmning eng chekka hududi hisoblanmish Gurlan tumanida ish boshlagan “Gurlan global teks” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik fabrikasi sexlariga Turkiyadan umumiy qiymati 587 ming dollar bo'lgan so'nggi rusmdagi tikuv mashinalari hamda boshqa zarur jihozlar keltirib o'rnatildi.

    Yangi korxonaga “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 500 nafar xotin-qiz ishga qabul qilindi. Ular tanlov asosida tikuvchilik sirlarini o'quv markazlarida o'rganishdi hamda malakali xodimlarga aylanishdi. Endilikda ular o'z mehnatlari bilan oilalarning moddiy farovonligini ta'minlash, turmush darajasini oshirish imkoniga ega bo'ladilar.

    Yangi fabrikada turli o'lcham va ko'rinishdagi yuz turdan ortiq kiyim-kechaklar tikiladi. Fabrikada tikilgan kiyim kechaklarni nafaqat ichki bozorga yetkazish, balki chet davlatlarga ham eksport qilish ko'zda tutilgan.

    Fabrika yiliga o'rtacha 45 milliard so'mlik mahsulot tayyorlash quvvatiga ega.

    Ro'zimboy Hasan,

    «Yangi O'zbekiston» muxbiri