Gʻurur, iftixor maskanida Manguberdi bobomiz siymosidan ruh olib yashash

    Fikr 30 Avgust 2022 2351

    Bundan salkam bir yil oldin Davlatimiz rahbari Urganch shahrida boʻlib, tashrif chogʻida Jaloliddin Manguberdi majmuasining qurilish jarayonlarini koʻzdan kechirar ekan: “Bu yer bilim, maʼnaviyat, gʻurur maskani boʻlishi kerak. Kelganlar aylanib, hordiq chiqarishi bilan birga Manguberdi bobomiz hayotini yaqqol tasavvur qilishi, bundan ruh olishi kerak...”, — degan edilar. Bu fikrlar bugun oʻz isbotini topdi.

    Ushbu muhtasham majmuaning ochilish marosimiga yigʻilganlarning qalbidagi iftixor tuygʻulari, buyuk ajdodimiz – Jaloliddin Manguberdining shonli tarixidan faxrlanish hissi ularning yuzu-koʻzlarida aks etdi. Bugun vohadoshlarimiz Xorazm farzandi Manguberdining jasur va mardonavor siyrati, uning buyuk siymosidan chin maʼnoda “ruh” oldi.

    Prezidentimiz yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etar ekan, ulugʻ sarkardaning shaxsiyati, tarixda tutgan oʻrni haqida alohida toʻxtaldi.

    Jaloliddin Manguberdining shonli oʻtmishi, jasorati, matonati, ona yurtga boʻlgan sadoqati, vatan tinchligi yoʻlidagi fidoyiligi yurtimiz onalari tarbiyalayotgan farzandlar – ertamiz egalari boʻlgan oʻgʻlonlar uchun chin maʼnoda ibrat vazifasini oʻtaydi. Oradan necha asrlar oʻtsa hamki, uning tarixda qoldirgan shonli izi sira oʻchmaydi. Jasorati aslo unutilmaydi.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish zarurligi xususida soʻz yuritar ekan, fidoyi olim va adiblarning ilmiy-ijodiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash, Jaloliddin Manguberdining qahramonlik tarixini toʻlaqonli yoritib beradigan ilmiy ensiklopediya yaratish muhim vazifa ekanini taʼkidlab oʻtdi.

    Biz ushbu ulugʻ siymo bilan har qancha faxrlansak arziydi. Uning nomini, shonu sharafini qancha eʼtirof etsak shuncha kam. Ushbu majmua eldoshlarimiz uchun nafaqat soʻlim goʻshaga, balki, Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, gʻurur maskaniga aylanadi. Biz har safar Jaloliddin Manguberdi timsoliga termilar ekanmiz, undan kuch olamiz, shijoat olamiz, unga qarab ona Vatanni sevishni oʻrganamiz.

    Shu tabarruk tuproq, aziz Vatan barchamiz uchun muqaddas. Uni koʻz qorachigʻidek asrash, eʼzozlash, himoya qilish har birimizning farzandlik burchimizdir.

    Gulsara Qurbanbayeva,

    Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi,

    Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati.