Bu haqda Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

Xabarda taʼkidlanishicha, “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga koʻra tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik koʻrsatkich deb eʼtirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bogʻliq boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi geografik koʻrsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Joriy yilning 8-yanvar kuni “Gʻuzor tandir goʻshti” geografik koʻrsatkich sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Qashqadaryo viloyatida birinchi boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ushbu geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma Gʻuzor tuman hokimligiga viloyat adliya boshqarmasi tomonidan topshirildi.