Gʻuzor tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi boʻyicha tender boshlandi

    Energetika 5 Yanvar 2022 681

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Gʻuzor tumanida quvvati 300 MVtgacha boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasining (QFES) qurilishi loyihasi doirasida mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar (investorlar – ishlab chiqaruvchilar) uchun tender (talablarga muvofiqlik soʻrovi - RFQ) bosqichi boshlanganligini eʼlon qiladi.

    Ushbu loyiha Oʻzbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) koʻmagida amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt boʻlgan QFESlarni qurish dasturi doirasidagi ikkinchi loyiha hisoblanadi.

    Dastur Oʻzbekiston Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilyapti.

    Mazkur Dastur qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va 2030-yilga qadar mamlakatimizda elektr energiyasiga oʻsib borayotgan talabni qondirish uchun 7 GVtgacha quyosh energiyasini ishlab chiqarish boʻyicha Strategiyaning asosiy tarkibiy qismlaridan biridir.

    Tanlov gʻolibi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida 300 MVtgacha quvvatga ega QFESni loyihalashtirish, moliyalashtirish, 25 yil davomida foydalanish va texnik xizmat koʻrsatishni amalga oshirilishi kutiladi.

    Loyiha doirasida investor loyiha yer maydoni yonida joylashgan 500 kV kuchlanishli Gʻuzor podstansiyasigacha elektr uzatish tarmogʻini ham qurishi kerak boʻladi.

    Ushbu loyiha OTB bilan yuqorida keltirilgan qoʻshma dastur doirasidagi birinchi loyihada – 457 MVt quvvatga ega Sherobod QFESni qurishda qoʻllanilgan ilgʻor xalqaro amaliyotga muvofiq amalga oshiriladi.

    Loyiha xalqaro miqyosda tan olingan modelli davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida, malakali xususiy investor – ishlab chiquvchini jalb etish va tanlash maqsadida amalga oshirilyapti.

    Tender “talablarga muvofiqlik soʻrovi” (RFQ) bosqichida ishtirok etish uchun barcha manfaatdor tomonlar Soʻrov hujjatini yuklab olishlari va tenderda ishtirok etishlari mumkin.

    Arizalarni qabul qilish muddati 2022-yilning 30-mart kuni soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar davom etadi.

    Taʼkidlash lozimki, OTB Oʻzbekiston Respublikasi energetika sohasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlarni ilgari surish, shuningdek, mamlakatimizda quyosh energiyasidan foydalanishni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. OTB ekspertlari 2014-yilda quyosh energetikasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishda, Oʻzbekiston Respublikasida quyosh salohiyatini baholash boʻyicha bir qancha tadqiqotlarni amalga oshirishda ishtirok etdi. Umumiy quvvati 1 GVt boʻlgan QFES qurish dasturi doirasida Oʻzbekiston hukumatining talablariga binoan xalqaro standartlar asosida tender savdolarini oʻtkazish uchun OTBning konsalting xizmatlari jalb qilinadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.