Haftaning birinchi yarmida havo harorati 41 darajagacha koʻtarilishi kutilmoqda

    Oʻzbekiston hududi boʻyicha bu galgi ish haftasi davomida havo asosan kam bulutli boʻladi, deya xabar bermoqda Oʻzgidromet xizmati agentligi.

    Maʼlum qilinishicha, yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning ayrim togʻli hududlarida kechga tomon mahalliy xususiyatga ega boʻlgan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Haftaning birinchi yarmida havo biroz issiq boʻladi, kunduz kunlari harorat +36…+39 daraja atrofida, choʻl hududlarda va respublika janubida baʼzi joylarda +40…+41 darajagacha boʻlishi kutilmoqda. Bunday harorat iyun oyi iqlimiy meʼyoridan 1−2 darajaga yuqoridir, deyiladi xabarda.

    Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati kunduz kunlari +32…+35, janubda +36…+39 darajagacha biroz pasayishi kutilmoqda. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, shimolda va choʻl hududlarda 15−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chag-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Toshkent shahrida havo asosan biroz bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat 10−12-iyunda +35…+38, 13−14-iyunda +32…+35 daraja boʻladi.