Joriy yilning dekabr oyi quruq va juda iliq havo bilan boshlandi. Dekabr oyining birinchi kunlarida havo harorati 15-18 darajagacha, janubda 20 darajagacha iliq boʻldi, bu iqlim normasidan 5-7 darajaga koʻp hisoblanadi. Ushbu haftaning birinchi yarmida Oʻzbekiston boʻylab kunduzi 15-20 darajali quruq va oʻta iliq ob-havo saqlanib turadi.

Haftaning ikkinchi yarmida havo oʻzgara boshlaydi. Bulutlilik kuchayishi, harorat fonining pasayishi va 8-dekabr, juma kunida havo harorati kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 7-12 daraja iliqqacha, shimolda kechasi 2-7 daraja sovuq,  kunduzi 0-5 daraja iliqqacha tushishi kutilmoqda.

Poytaxtimizda: 4-8-dekabr kunlari biroz bulutli, yogʻingarilik kutilmaydi. Harorat 4-6-dekabrda kechasi 3-8 daraja iliq, kunduzi 15-20 daraja iliq, 7-8-dekabrda kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 7-12 daraja iliq atrofida boʻladi. Shanba va yakshanba kunlari havo harorati yana 2-3 darajaga pasayadi, biroq asosiy sovuq kunlar Oʻzbekiston aholisini keyingi hafta boshida kutmoqda.