Oʻzbekistondagi 2025-yilgi Haj mavsumi shu yil 13-maydan boshlanadi. Bu haqda Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, shu yilning 28-mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududidagi Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri uchadi.

Aviaparvozlar Uzbekistan Airways bilan birga FlyNas va FlyAdeal aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Haj tadbirlarini tashkil etish boʻyicha:

  • Ziyoratchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi;
  • Emlash ishlari olib borildi;
  • Guruh rahbarlari va shifokorlar biriktirildi;
  • Safar oldidan amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi;
  • Hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” qoʻllanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta va quvvatlagichlar taqdim etilmoqda.