Oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firmalardan birining 4 nafar xodimi 3 nafar fuqaroni ishchi vizasi orqali “Haj“ ziyoratiga yuborish evaziga 7 ming AQSH dollaridan hamda 1 nafar fuqaroni sayyohlik vizasi orqali yuborish evaziga 5 ming AQSH dollari, jami 26 ming AQSH dollari talab qilishib, oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Xizmatning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Margʻilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firmaning ish yurituvchisi 2 nafar fuqaroni “Umra“ safariga yuborish evaziga 2 ming 400 AQSH dollari, shuningdek, 3 nafar fuqaroni “Haj“ ziyoratiga yuborish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xizmatning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Namangan shahrida yashovchi, 1999-y.t. shaxs joriy yilda “Haj” safariga yuborish boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarga soxta eʼlonlar joylab, 3 nafar fuqaroning ishonchiga kiradi. Ularning har biridan 4 ming 900 AQSH dollari, jami 14 ming 700 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Xizmatning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Chust tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlmay turib, 3 nafar fuqaroni 1350 AQSH dollaridan, jami 4050 AQSH dollariga “Umra” ziyoratiga yuborishini aytib, shundan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahrida yashovchi, 1998-y.t. shaxs poytaxtda faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat orqali 5 nafar fuqaroni jami 27 ming AQSH dollari evaziga “Haj” vizasi asosida diniy amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 13 ming 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan barcha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan “Umra“ safariga borishdan oldin har qanday turistik firmaning Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan taqdim etilgan “Umra“ litsenziyasi borligini tekshirish tavsiya etilmoqda.