Hakamlik sudlari sud tizimiga kirmaydi — Sudyalar oliy kengashi

    Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim yetakchi veb-saytlardagi Toshkent shahar hakamlik sudi sudyasi pora bilan qoʻlga olingani xabari ortidan Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatiga ayrim bloger va jurnalistlardan soʻrovlar kelib tushmoqda.

    Soʻrovlar, asosan, qoʻlga olingan sudya qachon lavozimiga tayinlangani, avval qayerda ishlagani va necha yillik ish stajiga ekanligiga oid savollardan iborat boʻlib, imkoniyatga qarab, darhol javob berish iltimos qilinmoqda, deya izoh berdi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati.

    Taʼkidlanishicha, hakamlik sudlari sud tizimiga kirmaydi. Aksincha, fuqarolik-huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etish vakolatiga ega boʻlgan nodavlat organ hisoblanadi. Shu bois ham hakamlik sudlari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunida emas, balki alohida normativ-huquqiy hujjat – “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solingan.

    Hakamlik sudlari sudyalari Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanmaydi va ozod etilmaydi, deyiladi xabarda.