«Anadolu» AA maʼlumotiga koʻra, uchrashuv Turkiya Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining (AFAD) Anqaradagi bosh qarorgohida boʻlib oʻtgan.

Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, zilzila oqibatida jabrlanganlarning 13 ming 208 nafari ayni paytda mamlakat shifoxonalarida davolanmoqda.

Turkiya rahbarining taʼkidlashicha, butun dunyo mutaxassislari mamlakatda sodir boʻlgan kuchli zilzilani “alohida tabiiy hodisa” sifatida baholashmoqda.

Prezident Erdogʻan zilzila hududida qidiruv-qutqaruv ishlariga 250 mingga yaqin davlat xizmatchisi jalb qilinganini bildirdi.

Zilziladan zarar koʻrgan hududlarda qidiruv-qutqaruv ishlari vayronalar ostida qolgan barcha tirik odamlarni olib chiqqungacha davom etishini taʼkidladi.

Hozirga qadar zilziladan jabr koʻrgan 1,6 million kishining uy-joyga boʻlgan ehtiyoji qondirildi, dedi Prezident.

“Zilzila sodir boʻlgan hududda 175 mingdan ortiq chodir va 5 ming 400 ta konteyner tipidagi uylar oʻrnatildi”, dedi u.

Davlat rahbari Turkiya hukumati kelgusi oyda zilzila oqibatida oʻz boshpanasidan ayrilganlar uchun 30 mingta uy qurishni boshlashini bildirdi.

Uning aytishicha, Turkiya hukumati butun zilzila hududida uy-joyga boʻlgan ehtiyojni qondirish uchun bir yil ichida sifatli va xavfsiz binolar qurishni yakunlash niyatida.