Men sanʼatni, xususan qoʻshiqchilik sanʼatini shunday tushunamanki, u insoniyatni hech qachon yomonlikka eltmaydi. Masalan, dunyoning eng buyuk qoʻshigʻi “ALLA”ni oling. Bu muqaddas qoʻshiqning ezgulikka yoʻgʻrilgan matnida goʻdakni yaxshiliklarga chorlovchi, yomonliklardan asrovchi daʼvatkorlik ustuvor. Men bir qoʻshigʻimda “Ona allasidan boshlangan kuylar” deb aytganman. Zero, goʻdak qulogʻiga eshitilgan ilk ohang, ilk kuy bu – alla.

Qoʻshiq, eng pokiza gʻoyalar dastyori. U xoh vatanni ulugʻlovchi, xoh ezgulik, yaxshilikka chorlovchi, xoh ishqiy, xoh jangovor boʻlsin, bari pokiza gʻoyalar, yaxshi niyatlar bilan sugʻorilmogʻi shart.

Prezidentimizning “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini oʻqiyotib, ikkita soʻzning tagiga qalinroq chizib qoʻydim. Ularning biri — “Madaniyat karvoni”, ikkinchisi — “Mahorat darslari” degan soʻzlar. Darhaqiqat, madaniyat ulugʻ karvon. Insoniy tuygʻular, odamiy fazilatlar karvoni. Ajdodlardan oʻtib kelayotgan jami qadriyat, anʼana, urof-odat, milliy oʻzlik, or-nomus, ahloq, qoʻyingki, hazrati insonga xos, meros, boylik madaniyat karvoniga yuklangan, joylangan boʻladi.

Bu xosiyatli karvon yoʻlining davomiyligini taʼminlash, uni turli tahdidlaru toʻsiqlardan omon saqlash esa, benihoya sharafli vazifa. Ana shu yoʻldagi yuksak fidoyilik, izchillik qatorida mahorat saboqlari ham gʻoyat zarur. Bugun har bir sohada ishonchimizga kirib borayotgan, yurt bayrogʻini adl tutishga qodir, shaxdi baland yoshlarimiz yuksak mahorat egalari etagidan tutib, ularga ergashishga haqli. Davlatimiz rahbarining ushbu tarixiy qarori bilan ular bu imkoniyatga yanada kengroq ega boʻladilar.

Bunday yoshlar, yangi-yangi isteʼdod egalarining “Madaniyat karvonlari” safida bardavom boʻlishi, buning uchun ular har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi ham sohada dasturulamal boʻlajak hujjatning nufuzini yanada oshiradi. “Madaniyat karvonlari” tinim bilmasligi, poytaxtga yigʻilgan aqqlli intellektual qatlam hududlar bilan chambarchas aloqada bevosita va bilvosita ishlashi kerak. Karvonlarda munosib sarbonlar, ularning ortida esa, el-yurti nomusini oʻzining ori bilguvchi karvon dadil odimlab borsa, ularning uzoq-uzoq manzillarga yetajagi shubhasiz.

Yurgan daryo deydilar. Madaniyat, uning har bir jihati daryo boʻlsin, yursin, toʻxtamasin. Qaqragan, ehtiyojmand manzillarga obi maʼrifat tarqatsin. Binobarin, ilgʻor madaniyat, ilgʻor sanʼat oʻz qobigʻida qolib ketsa, hayot chashmasidan, xalqdan uziladi, sunʼiylashadi. Shuning uchun men qarorda ilgari surilgan gʻoyalar qatorida madaniy hozirjavoblik, madaniy izchillikka alohida eʼtibor berilishini istayman. Vaholanki, biz, tabiat farzandi sifatida qishloqlar, ovullarimizning madaniy darajalariga ham toʻla javobgarmiz. Taraqqiyot, saviya, madaniy yuksaklik, badastr turmush shahargagina emas, qishloqlarimizga ham juda yarashadi, va ayni paytda juda ham zarur.

Sherali Joʻrayev,

Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti,

“Vatandoshlar” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi