Poytaxtimizda “Sabr” Respublika ijtimoiy-iktisodiy rivojlanish Markazi va  O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan “Yangi O'zbekiston taraqqiyotida  ijtimoiy yo'naltirilgan nodavlat notijorat tashkilotlarning o'rni va ahamiyati” nomli halqaro konferensiya bo'lib o'tdi.

Konferensiyada Davlat  vakillik  va ijro organlari,  mintaqaviy biznes tuzilmalar, xalqaro tashkilot vakillari, xorijiy hamkorlar, NNTlar, Mahalliy Rivojlanish Markazlari, xududiy “Ishga Marhamat” Monomarkazlari rahbarlari, OAV va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi raisi Malika  Kadirxanova,  Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O'zbekistondagi  rahbari Sharlotta Adrian, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov, “DVV International”ning Markaziy Osiyodagi direktori (Germaniya) Tekla Kelbert va boshqalar nutq so'zladilar.

Ta'kidlanishicha, 2011—2017 yillarda dastlabki Mahalliy Rivojlanish Markazlari Samarqand viloyatida DVV International, Evropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar ko'magida ochilgan. Shu davrda “Sabr” Respublika ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish markazi  Bandlik va mehnat munosabatlari Vazirligining ijtimoiy buyurtmasi asosida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat Fondi tomonidan moliyalashtirilgan, shuningdek, xalqaro hamkorlar — DVVning O'zbekistondagi bo'linmasi (Germaniya), URU Connect (Buyuk Britaniya) tomonidan qishloq aholisining kambag'al qatlamlariga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish, kattalarni norasmiy ta'lim berish orqali kasbiy ko'nikmalariga o'qitish, davlat, biznes tuzilmalari va NNTlar o'rtasidagi ijtimoiy sherikchilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ishlarini boshladi.

“Sabr” NNT ham  bilim oluvchi, ham bilim beruvchi tashkilotdir. Markaz va hamkor NNTlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarda katta yoshdagilarni o'qitishni innovatsion usullaridan foydalanib, yakuniy natijaga erishishga karatilgan.

Integratsiyalashgan yondashuv asosida bugungi kunda ijtimoiy yo'naltirilgan nodavlat notijorat tashkilotlarining norasmiy tarmog'i faoliyat ko'rsatmoqda: Qoraqolpog'iston Respublikasining “Orol oltin merosi”, “Tadbirkor Ayol” uyushmasining Andijon bo'linmasi, “Tadbirkor Ayol” uyushmasining Buxoro bo'linmasi, Jizzax  “Qalb Nuri”, Qashqadaryo  “Yuksalish”, Navoiy  “Imkoniyat”, Surxandaryo  “Ayol va Zamon”, Farg'ona  “Taraqqiyot”, Xorazm  “Interbilim”, Namangan “Oilam va men”, “Tadbirkor Ayol” uyushmasining Sirdaryo bo'linmasi, Toshkent “Nihol” viloyatlarining nodavlat notijorat tashkilotlari tarmog' a'zosi sifatida faoliyat yuritib kelishmoqda. Mahalliy Rivojlanish Markazlari 13 ta viloyat markazlarida va 10 ta qishloq hududlarida bo'lib, Andijon viloyatining Izboskan, Bo'ston, Buxoroning  Vobkent va Peshku, Jizzax viloyatining Zarbdor, Kashkadaryoning Mirishkor va Chiroqchi, Xorazmning Xonka, Samarqand viloyatining Oqdaryo va Urgut tumanlarida joylashgan.

O'tgan davr ichida 5 mingdan ziyod kam ta'minlangan oilalar ayollari va yoshlari 18 ta yo'nalish bo'yicha kasbiy mahoratga o'rgatildi va ularning yarmidan ko'pi ish bilan ta'minlandi va shu bilan birga o'z-o'zini band qildilar. 

Mikrobiznesni boshlash uchun “Sabr mikrokredit tashkiloti” tomonidan umumiy qiymati 2 milliard so'mdan ortiq bo'lgan 570 dan ortiq mikrokarzlar ajratildi. 126 nafar  ustozlar, 42 nafar  trenerlar  o'qitildi va tayyorlandi, 18 ta professional yo'nalish bo'yicha 128 soatli o'quv kurslari  va 35 soatli ijtimoiy-iqtisodiy va mobilizatsion trening  modullari ham ishlab chiqildi. 

2002-yildan boshlab  DVV International O'zbekistonda o'z faoliyatini olib boradi. Kattalar ta'limi va sohasidagi etakchi tashkilot sifatida 50 yildan beri Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yevropa mamlakatlaridagi fuqaro va akademik sektorlardagi 200 dan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Maqsadi aholining zaif guruhlarini o'qitish uchun sifatli takliflarni ishlab chiqish, tajriba almashish, konsal`tativ qo'llab-quvvatlash va boshqalar.