Ham chanqoqbosdi, ham shifobaxsh: yoz neʼmatlari

    Yoz fasli oʼzining qaynoq harorati bilan birga mazali va foydali meva hamda sabzavotlarini tuhfa qiladi. Odamlar issiq havodan saqlanish uchun tinimsiz suv ichadi, yuz-qoʼllarini yuvadi, sovutilgan taomlar isteʼmol qiladi. Biroq bu saxiy mavsumning tabiatidan bahra olish, mazali meva va sabzavotlardan isteʼmol qilib ham zavqlanish mumkin. Supermarket va bozor rastalarini yangi uzilgan mevalar boʼlimi egallab oladi.

    Аgar siz tabiiy mahsulotlarni tanlayotgan boʼlsangiz, qoʼshimcha kimyoviy vositalarsiz yetishtirilgan mahsulotlarni ajratib olishda qiynalishingiz mumkin. Demak, har safar koʼnglingiz biror salqin narsa tusaganida muzlatilgan muzqaymoq oʼrniga tabiiy meva sharbati iching. Bu nafaqat salomatlik uchun foydali, balki kundalik isteʼmol retseptingizdan bir qancha keraksiz kaloriyalarni yoʼqotishingizda yordam beradi. Quyida issiq yoz kunlarida joningizga huzur bagʼishlaydigan mahsulotlardan ayrimlarini sanab oʼtamiz.

    Muzli qahva va choy

    Quyoshli kunda suv boʼyida muzdek ichimlik ichib oʼtirishga yetadigan narsa boʼlmasa kerak. Tongda ichilgan bir finjon muz solingan qahva kunni energetik holda boshlashingiz uchun yordam beradi. Soʼnggi tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, har kuni bir finjon kafeinli ichimlik ichish teri saratoni kasalligi paydo boʼlishi xavfini 10% ga kamaytiradi. Uy sharoitida tayyorlangan qahva flavonoidlar deb ataluvchi antioksidant xususiyatiga ega boʼlib, Аltsgeymer kasalligi hamda diabetning oldini oladi. Yaxna choyga limon sharbati qoʼshib ichish esa antioksidantlar bilan taʼminlaydi va yoqimli ichimlik boʼla oladi.

    Qovun

    Qovun va tarvuz biz uchun muhim sabzavot ekani hammamizga maʼlum. Suvsizlik, ayniqsa, yoz pallasida turli tibbiy muammolarga sabab boʼlishi mumkin. Tarvuz va qovun mahsulotlari tarkibida suyuqlik koʼp boʼlib, bu tana haroratini bir meʼyorda ushlab turishga yordam beradi. Oʼz vaqtida muntazam suv ichib turish xotirani oʼtkir, terini tiniq holda saqlash uchun foydali. Аgar qovun isteʼmoli bilan birga kundalik jismoniy mashqlarni bajarib tursangiz, ortiqcha vazndan tez orada xalos boʼlasiz, sababi tanadagi yetarlicha suv oz miqdordagi kaloriya bilan ham oʼzingizni yaxshi his qilishingizga yordam beradi.

    Мevalar

    Yoz faslida koʼplab jiddiy kasalliklarni yengishda yordam beradigan, flavonoid moddasiga toʼyingan mayda meva turlarini topish juda oson. Qulupnay, olxoʼri va malina singari mevalar tana boʼylab qon aylanishini yaxshilash, terining qayta tiklanishini oshirish, yorugʼlikka taʼsirchanlikni kamaytirish, terini yorqinroq koʼrinishi va yaxshilanishida juda foydali hisoblanadi.

    Makkajoʼxori

    Sokin yoz oqshomida yangi pishirilgan makkajoʼxorining taʼmidan totib dam olishga nima yetsin? Bu qoʼlbola tamaddi nafaqat mazali, balki kraxmalga boydir. Bu tanani koʼz sogʼligʼi uchun foydali boʼlgan lutein va zeaksantin moddalari bilan taʼminlashda va antioksidantlar bilan bir qatorda keksa odamlarda koʼrlikka sabab boʼladigan yosh bilan bogʼliq makula degeneratsiyasi rivojlanishi xavfini kamaytirishga yordam beradi.

    Tabiiy sharbat

    Yozgi nonushta dasturxonida yangi tayyorlangan meva sharbatining oʼrni ahamiyatli. Yangi uzilgan har qanday tabiiy meva ham sharbatning oʼrnini bosishi mumkin. Xoh mandarinning sitrus taʼmi boʼlsin, xoh limon yoki shirin tarvuz suvi boʼlsin, bir stakan tabiiy meva sharbati hamisha sogʼlik uchun foydali.

    Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Malikaxon Rajabova tayyorladi.