Ham zebo, ham zukko qizlar bellashuvi

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Bojxona instituti va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamkorligida oʻtkazilgan “Fidoyi qizlar” koʻrik-tanlovi davlatimiz rahbarining besh tashabbusini qoʻllab-quvvatlash va isteʼdodli yoshlarni ragʻbatlantirishga xizmat qildi.

    — Ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishiga aylandi, — dedi IIV akademiyasi boshligʻi, polkovnik R.Hotamov. — Soʻnggi yillarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida gender tenglik instituti samarali joriy qilindi. Ayollar bandligini taʼminlash, ularning intilish va qobiliyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmagan, adashib jinoyat koʻchasiga kirib qolgan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga har tomonlama koʻmaklashish, ularni tashvishga solayotgan har qanday masalaga yechim izlash, maishiy-turmush sharoitlarini yaxshilash va kasb-hunarga yoʻnaltirish borasida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” singari mahallabay ishlash mexanizmlari yoʻlga qoʻyilib, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish masalalari samarali hal etilmoqda.

    Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbus doirasida yoshlarimiz, shu jumladan, xotin-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli va maqsadli tashkil etish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik, kasb-hunarga oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida eʼtirofga molik. Bu esa, oʻz navbatida, “Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz!” degan ezgu tamoyilni roʻyobga chiqarib, yoshlarning orzu-havasi, iqtidor va salohiyatshini toʻla namoyon etishiga xizmat qilmoqda.

    Sahnaga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining “Maʼrifat”, Bojxona institutining “Humo” hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Toʻmaris” jamoalari chiqdi. Tanlovning tanishuv shartida jamoa aʼzolari oʻzlari taʼlim olayotgan oʻquv dargohining hayoti, orzu-maqsadlarini yoritib berishdi. Ikkinchi shartda qizlarning intellektual salohiyati, maʼnaviy dunyoqarashi va zukkoligi sinovdan oʻtkazildi. Erkin mavzu sharti esa qiziqarli chiqishlarga boy oʻtdi. Sahnada Toʻmaris, Nodirabegim, Uvaysiy, Zulfiyaxonim singari milliy tariximiz va adabiyotimiz namoyandalari yuksak mahorat bilan gavdalantirildi. Oʻzbek adiblarining eng sara asarlaridan ijro etilgan parchalar, mumtoz gʻazal va kuylar yoshlarni adabiyotning sehrli olamiga oshno etdi.

    Koʻrik-tanlov yakuniga koʻra Ichki ishlar vazirligi akademiyasi “Eng zukko jamoa”, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Eng ijodkor jamoa”, Bojxona instituti esa “Eng kreativ jamoa” nominatsiyalarini qoʻlga kiritdi.

    IIV akademiyasi axborot xizmati