Ham ziyoratchilarga qulaylik, ham havo kemalariga chegirma

    Turizm 19 Yanvar 2021 1512

    Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish yoʻlida qator qulayliklar yaratilyapti.

    Oʻzbekistonning xalqaro aeroportlarida ziyoratchilarni tashuvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga yerda koʻrsatiladigan xizmatlarning asosiy turlari uchun eʼlon qilingan tariflarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.

    Mamlakatimizda turizm industriyasini yana-da takomillashtirish maqsadida ziyoratchilarga qator qulayliklar yaratilib, xizmat koʻrsatish tizimlari uchun alohida tartiblar belgilandi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Uzbekistan Airports” AJ hamkorligida ishlab chiqilgan dastur asosida ziyoratchilarni tashish boʻyicha mamlakatimiz xalqaro aeroportlarida xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga yerda koʻrsatiladigan xizmatlarning asosiy turlari uchun eʼlon qilingan tariflarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi. Shuningdek, parvozlar koʻlamini kengaytirish va Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlar jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega imtiyozlar berilishi ham koʻzda tutildi. Unga koʻra, xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga yerda koʻrsatiladigan xizmatlarning asosiy turlari boʻyicha eʼlon qilingan tariflarga 30 foizgacha tabaqalashtirilgan chegirma quyidagi holatlarda taqdim etiladi:

    Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlariga yangi yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni yoʻlga qoʻyish va ularni rivojlantirish taklifi bilan ilk bor murojaat qilgan xorijiy aviakompaniyalar uchun;

    Oʻzbekiston Respublikasining hududiy aeroportlariga (aeroportlaridan) parvozlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarning yangi yoʻnalishlari uchun;

    mavjud parvozlar sonidan tashqari shu yoʻnalish boʻyicha qoʻshimcha qatnovlar uchun, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.