- Bizning hududimiz aholisi turli millat vakillaridan jamlangan bo‘lib, bugungi kunda 8 ming 510 nafar fuqaro 1 ming 710 ta xonadonda ahil-inoq yashab kelmoqda. Mahallamizda 71 ta ko‘cha mavjud bo‘lsa, har bir ko‘cha aholisi o‘z xonadon oldlarini doimiy ravishda toza saqlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdamiz. Bugungi hasharda ham 200 dan ortiq fuqarolar ishtirok etmoqda. Hashar davomida 3 km uzunlikdagi ariq-zovurlar tozalanib, daraxtlar kesildi va tartibga keltirildi, - deydi Nukus shahri "Qutli makon" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zamira Qutlimuratova.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga ko‘ra, Navro‘z bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlash va Ramazon oyini munosib o‘tkazish, mahallalar, aholi yashash hududlarini obodonlashtirish va sanitariya holatini yaxshilash maqsadida 13-14-mart kunlari yurtimizda umumxalq hashari o‘tkazilmoqda. Hashar tadbirlari davomida mahalladagi ko‘chalar, yo‘l bo‘ylari, bolalar maydonchalari obodonlashtirilib, hudud yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda.

Nukus shahrida shanbalik doirasida erta tongda "Toza shahar" ekologik aksiyasiga start berilib, shahar hokimi Abatbay Daniyarov umumxalq hashar davomida mahallalar, ko‘p qavatli turar joylar, guzarlar, qabristonlar, ko‘cha va yo‘l bo‘ylari hamda bolalar maydonchalari tartibga keltirilishi, daraxtlar oqlanib, butalash ishlari olib borilishini ta'kidladi.

Bugungi kunda Nukus shahridagi mahallalarda, ichki ko‘chalarda hashar tadbirlarini tashkil etish uchun har bir mahallaga ehtiyojidan kelib chiqib, qattiq chiqindilarni olib chiqib ketuvchi 36 turdagi birlamchi texnika vositalari ishtirok etmoqda. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, shanbalik davomida kuniga 250-300 tonnaga yaqin maishiy chiqindi to‘planib, poligonlarga chiqarib tashlanadi.

- Men o‘zim asli Xorazmda yashayman. Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida pediatriya bo‘limida o‘qiyapman. Bugun guruhdosh do‘stlarimiz bilan hasharga chiqib, hududlarni tozalashga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. Nukus chiroyli shahar ekan. Albatta, tozalikka barchamiz amal qilishimiz kerak, - deydi Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti talabasi Gulsevar Xudaynazarova.

"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida "El farovonligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!" shiori ostida o‘tkazilayotgan hashar hamjihatlik va yuqori tashkiliy darajada davom etmoqda.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

«Yangi O‘zbekiston» muxbiri.