Hindistoning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan uchrashuv respublika vazirliklari va idoralari vakillarini videokonferensaloqa shaklidagi uchrashuvda birlashtirdi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktor oʻrinbosari Alisher Temirov Hindiston tomonini respublikamizning jadal rivojlanayotgan farmatsevtika sanoatidagi holat bilan tanishtirib, ushbu sohasining sarmoyaviy jozibadorligiga urgʻu berdi. Shuningdek, mamlakatning qoʻshni davlatlarga eksport qilish uchun qulay joylashganligini ham alohida taʼkidladi. Farmatsevtika sohasidagi Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar va hamkorlikning har yili oʻsib borayotganligi haqida ham gapirib oʻtdi.
Uchrashuvda, shuningdek, hind farmatsevtika kompaniyalari bilan Oʻzbekistonda biotexnologik dori vositalarini, shu jumladan COVID-19 ga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarish va mahalliylashtirish boʻyicha hamkorlik aloqalarini oʻrnatish istiqbollarini muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshligʻi Rahima Madraimova Agentlik va Oʻzbekistoning Hindistondagi elchixonasi sayʼy — harakatlari bilan “Bharat Biotech” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilganligi va vaksinalar bilan taʼminlash boʻyicha Memorandum imzolanganligi haqida gapirdi, deb xabar beradi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.
Hindistoning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Manish Prabxat Hindiston farmatsevtika kompaniyalari bilan uchrashuvlar tashkil etishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Hindiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan koʻrgazma haqida maʼlumot berdi.