Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-19-may kunlari ushbu mamlakatkatga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar, Oʻzbekiston va Xitoy, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlar uyushmalari hamkorligini mustahkamlash, birgalikda xalqaro mediaforumlar oʻtkazish boʻyicha soʻz yuritildi.

Shuningdek, imzolangan kelishuv asosida ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari vakillarini tajriba almashishini taʼminlash, oʻzaro bordi-keldini yoʻlga qoʻyish  xususida fikr almashildi.

– Ushbu kelishuvda tajriba almashish uchun joʻnatiladigan delegatsiya aʼzolari olti kishidan oshmasligi, safar muddati yetti kungacha etib belgilandi, – deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. – Kelishuvimizda har bir masalaga oydinlik kiritilgan. Unga koʻra, qabul qiluvchi tomon jurnalistlar delegatsiya aʼzolarining yashashi, ovqatlanishi, ichki transport va tarjimonlik xizmati xarajatlarini qoplaydi. OAV guruhini kuzatuvchi tomon esa faqat bordi-keldi yoʻl chiptalarini xarid qiladi. Shuningdek, tomonlar bir-biriga dasturlar tayyorlash, viza rasmiylashtirilishi kabi masalalarda koʻmaklashishni ham oʻz zimmalariga oladi.

Maʼlumot uchun, Umumxitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi 1937-yili 8-noyabrʼ kuni tashkil etilgan. Assotsiatsiya dunyoning 120 dan ortiq davlatlari jurnalistlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan.  

Hamkorlik kelishuvini imzolash marosimida tomonlar bir-birlariga esdalik sovgʻalarini topshirdilar.

 Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi axborot xizmati