D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialida O'zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo hamkorlik bo'yicha komissiyasi Fan va ta'lim bo'yicha quyi komissiyasi uchinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Unda maktabgacha, umumiy o'rta, oliy va oliy ta'limdan keyingi ta'lim sohalari bo'yicha O'zbekiston – Rossiya hamkorligini rivojlantirish bo'yicha bir qator masalalar muhokama qilindi.

Yig'ilishda Rossiyaning Ta'lim bo'yicha milliy akkreditatsiya agentligi direktori Lemka Izmaylova Rossiyaning O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari filiallarida litsenziyalash, akkreditatsiyalash va ta'lim sifatini ta'minlash bo'yicha ishlar izchillik bilan olib borilayotganini ta'kidladi.

– 1990-yillarda Rossiyada 4000 ga yaqin oliy ta'lim muassasasi bor edi. Joriy etilgan qat'iy sifat nazorati natijasida bugungi kunda ularning soni 1000 tagacha kamaydi. O'zbekistonda filiali mavjud bo'lgan oliy ta'lim muassasalari ham aynan davlat ta'lim sifati nazoratidan o'tgan, davlat akkreditatsiyasiga ega hamda bitiruvchilar sifati uchun javob bera oladigan universitetlar hisoblanadi.

SHiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi zamon talablaridan kelib chiqib, Rossiya oliy ta'lim muassasalariga litsenziya berish va ularni akkreditatsiyalash jarayoni soddalashtirilmoqda. Bu borada yangi normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Biz ularning mazmun-mohiyatining O'zbekistondagi filiallarga ham tushuntirish va metodik yordam ko'rsatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bilan hamkorlikda seminarlar tashkil qilib boryapmiz. Hali oldinda qilishimiz bo'lgan ishlar ham juda ko'p, – dedi Lemka Izmaylova.

Muhokamalar davomida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenboev inspektsiya faoliyatining dastlabki kunlaridanoq Rossiya Federatsiyasi Ta'lim va fanni nazorat qilish federal xizmati, Fan va oliy ta'lim hamda Xalq ta'limi vazirliklari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari o'rnatilganini ta'kidlar ekan, bu borada amalga oshirilishi kutilayotgan istiqboldagi rejalarga to'xtalib o'tdi.

– Qisqa vaqt ichida O'zbekistonda Rossiya universitetlarining 12 filiali tashkil etilishi yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish, mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan yo'nalishlar va mutaxassisliklar bo'yicha kadrlar tayyorlash ko'lamini kengaytirish imkonini beradi, – dedi Ulug'bek Toshkenboev. – Filiallarda ta'lim sifatini oshirish maqsadida ularni akkreditatsiya qilish va litsenziyalash tartib-taomillarini sifatli tashkil etish masalalarida Rossiyaning Ta'lim bo'yicha milliy akkreditatsiya agentligi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur.

Yig'ilishda shuningdek, PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik bo'yicha hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Muhokamalar yakunida ko'tarilgan masalalar yuzasidan istiqboldagi vazifalarni belgilab olish bo'yicha fan va ta'lim bo'yicha quyi komissiyaning yig'ilish bayonnomasi imzolandi.