Suhbat avvalida tomonlar Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro ishonch asosida rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.
Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oila masalalarida saʼy-harakatlarni birlashtirish mavzularida fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Turkiya Respublikasining Oila ishlari va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash masalasi koʻrib chiqildi.
Shuningdek, muloqot davomida hamkorlik munosabatlarini kelgusida amaliy harakatlar bilan yanada boyitish boʻyicha rejalar muhokama qilib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.