Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi Yoshlar kengashining 6 yigʻilishi hamda yosh liderlar forumi va uning doirasida “Avlodlar muloqoti”ning birinchi uchrashuvi 28 ga yaqin davlat vakillarini Samarqandga jamladi.
Prezidentimiz 2022-yilning 13-oktyabr kuni Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi xalqaro forum — Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning VI sammitida global muammolar xususida toʻxtalib, turli yoshdagi insonlar oʻrtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga daʼvat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga koʻmaklashuvchi yangi formatni — avlodlar muloqotini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirgandi.
Shu tashabbus asosida yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashiga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar yoshlari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida joriy yilning 12-13-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Yoshlar Kengashining 6-yigʻilishi, Yosh liderlar forumi va uning doirasida “Avlodlar muloqoti”ning birinchi uchrashuvi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek xalqaro tashkilotlar — Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi va BMT tomonidan oʻtkazilayotgan forumdan koʻzda tutilgan asosiy maqsad zamonamizning dolzarb muammolarini yoshlar manfaatlari nuqtayi nazaridan oʻrganish, yoshlarning radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik, ijtimoiy rivojlantirish, ilm-fan, taʼlim va mehnatni, atrof-muhit va inson salomatligini muhofaza qilish, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni asrash masalalariga alohida eʼtibor qaratishdir.
Shuningdek, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, salohiyatini yuksaltirish, gʻoya va tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha fikr almashish, bu borada tavsiyalar ishlab chiqishda turli davlatlar yoshlarini birlashtirish, yoshlar siyosati sohasida keyingi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilash vazifasi ham forum kun tartibidan oʻrin olgan.
Yigʻilish doirasida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashining yosh liderlar forumi, “II Oʻzbekiston-Qozogʻiston yoshlar kongressi”, “Oʻzbekiston-Rossiya yoshlar forumi” va “I Oʻzbekiston-Ozarbayjon yoshlar forumi” boʻlib oʻtadi.
Forumda Kengashga aʼzo va kuzatuvchi davlatlardan Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʻlgan davlat organlari, yoshlar jamoat tashkilotlari, yoshlar, shuningdek, xalqaro ekspertlar, turli soha va kasblarning taniqli vakillaridan iborat 70dan ortiq qatnashchi taklif etilgan. Shuningdek, Oʻzbekistondagi vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy ommaviy axborot vositalari vakillari va ekspertlar ham forumda ishtirok etmoqda.












