Xabaringiz bor, bugungi kunda Birlashgan Arab Amirliklari yurtimizda yoqilgʻi-energetika kompleksini rivojlantirish boʻyicha strategik sherik hisoblanadi.
BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 2021-yil 27-avgustda Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan birinchi fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Hozirda stansiya belgilangan tartibda ishlamoqda.
Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan umumiy quvvati kamida 600 MVt boʻlgan uchta fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha oʻtkazilgan tenderlar natijalariga koʻra, “Masdar” kompaniyasi umumiy quvvati 897 MVt boʻlgan 3 ta fotoelektr stansiyalari qurish boʻyicha taklifi bilan gʻolib deb topildi.
Shamol elektr stansiyalarini qurib foydalanishga topshirish boʻyicha ham bir qator yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, 2020-yil iyun oyida “Masdar” kompaniyasi bilan 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi boʻyicha elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida shartnomalar imzolandi.
Uchrashuvda amalga oshirilgan loyihalar natijadorligi va kelgusida belgilangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv doirasida, “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan loyihalar yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.