2001 yilda Istanbul savdo palatasi ko'magida tashkil etilgan Istanbul tijorat universitetida hozirda 6 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda. Jahonning Top-1000 talik universitetlari ro'yxatiga kiruvchi mazkur oliy o'quv yurtida, ayni vaqtda oltita yo'nalish bo'yicha bakalavr hamda beshta yo'nalish bo'yicha magistr darajasi beriladi.
Dastlab delegatsiya a'zolarini kutib olgan Istanbul tijorat universiteti rektori Yujel O'g'urlu Markaz rahbariyatiga O'zbekiston va Turkiya oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga qo'shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov universitet jamoasini O'zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar, oliy ta'lim tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar samarasi hamda Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarning mazmun va mohiyati bilan tanishtirdi.
Jumladan, E.Tulyakov kelgusi besh yilda Taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatda yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrov darajasini 50 foizga etkazish, Davlat oliy ta'lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berish hamda QS va THE kabi xalqaro reytinglarga kiritish, bunda nufuzli xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga alohida e'tibor qaratilganligini ta'kidlab o'tdi.
O'z o'rnida Yujel O'g'urlu O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarni, jumladan ta'lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni mamnuniyat bilan kuzatib borishini va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy va global tashabbuslar nafaqat mamlakat rivoji, balki mintaqa va boshqa bir qator davlatlar taraqqiyotiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatayotganligini e'tirof etdi.
— 2021 yilning oktyabr` oyida O'zbekistonda bo'lib o'tgan prezidentlik saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok edim, – deydi Y.O'g'urlu. – Ushbu tashrif doirasida O'zbekiston Milliy universiteti hamda Buxoro davlat universitetlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yganmiz. Shuningdek, yaqinda Anqarada tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlarida huquqiy islohotlarga bag'ishlangan xalqaro konferentsiyada men, aynan O'zbekistonda sud-huquq tizimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ham to'xtalib o'tdim. Ma'ruzalarimda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlanib kelinayotgan to'plamlardan foydalanib kelmoqdaman. Ayniqsa, shuni mamnuniyat bilan ta'kidlashim joizki, O'zbekistondagi salmoqli islohotlar, mamlakatning dunyoga ochilishi, olib borilayotgan bevosita xalq bilan muloqot va uning oldidagi hisobdorlik tizimi yaratilganligini men boshqa davlatlarga o'rnak sifatida ko'rsatmoqdaman.
Do'stona va samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv davomida E.Tulyakov hamda Y.O'g'urlu O'zbekiston va Turkiya oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarishga qaratilgan qator ilmiy, istiqbolli loyihalar va innovatsion g'oyalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Shuningdek, muloqot chog'ida ilmiy-amaliy konferensiyalar o'tkazish va ilmiy maqolalarni yuqori indeksga ega xorijiy jurnallarda chop etib borish hamda o'zbekistonlik yoshlar va professor-o'qituvchilar uchun tadbirkorlik yo'nalishlariga oid ta'lim bo'yicha malaka oshirish masalalarida kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida 2021 yilning iyul oyida Markaz va Universitet o'rtasida imzolangan Anglashuv Memorandumi doirasida Turkiya va Markaziy Osiyo mintaqasidagi “aql markazlari” ekspertlari, oliy ta'lim muassasalari, siyosiy doiralar uchun O'zbekistondagi islohotlar va ularning monitoringi natijalariga oid ma'ruza hamda taqdimotlar o'tkazib borishdagi ishlarni tizimli davom ettirilishiga kelishib olindi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati