Qilingan har bir ishning sarhisobi bor. Agar natija boʻlmasa, sarhisob qilishdan foyda boʻlmaydi. Foydali ish esa ertangi kun uchun, ertangi saʼy-harakatlar uchun yangi qadamlarga chorlov boʻladi. Oʻtayotgan har bir kunimiz, har bir daqiqamiz xalqimiz hayotining farovonligi uchun xizmat qilyapti.
Jumladan, oʻtgan yili Termiz shahrida “Farhod” mahallasida bir qancha xayrli ishlar qilindi. Hududdagi 6 ta koʻp qavatli uy yonida yana 2 ta — 48 va 52 xonadonli, barcha qulayliklarga ega, zamonaviy uy-joylar qurib bitkazildi.
Ilgari shu uy-joylar oʻrnida 5-6 xoʻjalik yashagan boʻlsa, endi bu joylarda yuzlab xonadan sohiblari ahil-inoq yashamoqda. Ularning toʻyi, yaxshi kunlari birgalikda oʻtmoqda. Eng muhimi, kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj 5 ta oila yangi xonadonlarga koʻchiriladi. “Prezidentimiz tashabbusi bilan joylarda kam taʼminlangan oilalar uchun qurilayotgan, barcha shart-sharoitga ega uylar bizga ham nasib etayotganidan boshimiz osmonda”, deydi ulardan biri.
— Mahallamizdagi ishlar kundan kunga rivoj topmoqda, — deydi oqsoqollardan biri Oʻroq bobo Sariyev. — Mahallamiz raisi doim aholi bilan hamnafas. Oʻtgan yili mahalla nuroniylari uch marta viloyat boʻylab ziyoratga chiqdi. Taassurotlarimiz nabiralarimiz bilan oʻrtoqlashdik. Ularning ham quvonchi cheksiz. Nuroniylar shaxmat-shashkada faol.
Yoshlar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini, 5 tashabbus olimpiadasi oʻtkazildi. Oʻgʻil-qizlar milliy cholgʻuchilikning dutor yoʻnalishi, sportning taekvondo turi boʻyicha muvaffaqiyatga erishmoqda. Mahalla hududida joylashgan 9-maktabda yoshlar boʻsh vaqtini unumli tashkil etishi uchun dzyudo sport zali qurib bitkazildi. Hozir bu dargoh yoshlar bilan gavjum.
Mahallada “Temir daftar” va “Ayollar daftari” boʻyicha qilingan ishlar bugun oʻz natijasini beryapti. Bu saʼy-harakatlarning barchasi zamirida bitta maqsad yotibdi: inson va uning farovon turmushi uchun xizmat qilish.
Dilbar NORMURODOVA,
pedagog