Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumani Regi Haydar mahallasida yashovchi Hamdam bobo Haydarov yaqinda 102 bahorni qarshi oldi. Farzandlari va bir etak nevaralari yonida bagʻri butun boʻlib hayot kechirmoqda. Uzoq yillar oʻquvchilarga taʼlim bergan otaxon hali biror marta betob boʻlib shifoxonada yotmagan, hozir ham qadami tetik, fikri teran.
Yaqinda Buxoroga borganimizda Hamdam bobo bilan samimiy suhbatlashib, uning aqlni charxlaydigan sodda, samimiy, ammo zamirida bir olam maʼno mujassam soʻzlarini yozib oldik. Zero, nuroniylar maslahati hech kimning koʻngliga ogʻir botmaydi. Ularning qalbidan chiqib, qogʻozga koʻchayotgan oʻgitlari negizida koʻp hikmatlar bisyor. Eshitsangiz, koʻnglingiz yorishadi va “Qari bilganini pari bilmas” naqli bejiz aytilmaganini yurakdan his qilasiz.
— Zamonamizdan aylanay, qayerga borsang koʻzing quvnaydi. Koʻchalar koʻrkam, atrof obod, saranjom-sarishta. Osmonoʻpar binolar koʻpligini aytmaysizmi. Bizning davrimizda 4 qavatdan baland bino boʻlmagan, Qorakoʻl tumanida ham osmonga qarasang, hushing uchadigan baland qavatli uylar koʻpayib qoldi. Mana buni yangilik, yaratuvchanlik, desa boʻladi, — deydi Hamdam bobo. — Qoʻlni choʻzsang oyga yetadigan zap zamonlar keldi. Ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib aqling shoshadi. Shu imkoniyatlar sabab ularning qadamidan oʻt chaqnaydi, biri biridan uddaburon, shijoatli, sergʻayrat. Asosiysi, bilimli. Oʻzga tillarda biyron soʻzlashiga havas qilmay boʻlmas. Yoshlarning yutuqlari, yaratayotgan kashfiyotlari haqida eshitib gʻururlanadi kishi.
Bizning davrimizda chet elga borib-kelish shunchaki adogʻi yoʻq orzu edi. Yeyishga bir burda non topish mashaqqatini aytmaysizmi... Qiynalib oʻqiganmiz. Shuning uchun bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetib, shukr qilib, yurtga sadoqatli boʻlib yashashimiz kerak. Yoshlarning har sohada qoʻlga kiritayotgan zafarli yutuqlaridan koʻnglim oʻsib, quvonsam, baʼzi bir oʻzbek yigitlarning oʻziga xos boʻlmagan qilmishlaridan koʻnglim oʻrtanadi.
Guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, hozirgi yigitlarimiz orasida ishyoqmas, tanballari, birovning puliga kun koʻruvchilari, moda uchun soqol qoʻyib, ogʻzidan bodi kirib shodi chiqib soʻkinib yuradiganlari ham bor.
Yigit nomiga dogʻ tushiradiganlari, ustidagi allambalo kiyimlarni kiyib, boʻyniga zanjirlar taqib, oʻzini dono biladiganlari ham koʻpayib ketdi. Ularni koʻrib “he, sening koʻngil koʻchangdan oʻrgildim, nodon”, deya ichimda erkakcha soʻkib ham qoʻydim. Kiyimi-ku, mayli, ayollarga oʻxshab tovusday tovlanib raqsga tushadiganlari chiqqan. Ularga qarab, oʻynasang, erkakchasiga bardam-bardam oʻyna, deging keladi.
Aslida, oʻzbekning oʻgʻlonlari sheryurak boʻladi. Chunki ularning boshidagi doʻppisiyu belbogʻining oʻzi yetti olamga mashhur. Er yigitga mayda qadam, mayda gap va xoinlik yarashmaydi. Men qizlar haqida emas, oʻgʻil farzandlar haqida gapiryapman. E, bu qari cholning gaplari kimga kerak, demang. Yuz bilan yuzlashgan menday keksa cholning soʻzlarini olsangiz, kam boʻlmaysiz. Baʼzilarga aytmoqchimanki, oʻzbekning bek oʻgʻli ekanini unutmasin. Hech boʻlmasa, katta yutuqlarga erishayotgan tengdoshlarining qadamiga moslab qadam tashlasin. Oʻzga yurtlarga ishlash uchun borib, oʻzgalar qutqulariga, mol-dunyosiga uchib, oʻzligidan, kindik qoni toʻkilgan yurt tuzidan osongina kechib, yosh joniga jabr qilmasin. Begunoh insonlarning uvoliga qolmasin, ziyrak boʻlishsin!
Axir yurtimizda yashash uchun hamma sharoitlar bor. Shunday ekan, oʻqi, ishla, izlan, yurt kez, kam boʻlmaysan. Mayli, boy boʻlma, katta tadbirkor yoki zoʻr olim boʻlma, oddiygina odamgarchiligi bor, mehnatkash, halol inson boʻl, halovatda yasha!
Ota-bobolarimiz mehnatda, harakatda gap koʻp deyishgan, qani endi hozir ham kuch-quvvatim boʻlsa-yu, yana oʻquvchilarga saboq bersam, tomorqamda maza qilib yer chopsam, islohotlar qozonida qaynab, yangiliklar yaratsam, afsuski, yillar oʻz hukmini oʻtkazar ekan...
Shu muborak ramazon kunlarida aytgan soʻzlarim hech kimga malol kelmasin, ayniqsa, er yigitlar oʻz nomiga dogʻ tushirmasin, tanu joni sogʻ boʻlsin-u yurt koriga yarasin. Ilohim, obod va ozod, hur diyorimizga koʻz tegmasin, yurtimizga gʻanim yaqinlashmasin, yoʻqchilik boʻlmasin. Aziz va mukarram zaminimizda hamisha hamjihatlik, hamdoʻstlik va shodu xurramlik hukm sursin. Oʻzbek yigitlarining halol ishlab topgan pullari faqat yaxshi kunlar, yaxshiliklar va toʻylarga buyursin!
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri