Bu oʻrinda gap Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi farmoni haqida bormoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, mazkur farmonni tarixiy hujjat deb atash mumkin va ushbu hujjatning qabul qilinishi oʻrta tibbiyot xodimlari uchun bir qator imkoniyatlar yaratdi.
Ushbu farmon Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek, jamoatchilik tomonidan tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Farmonda 2021-yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yana qoʻshimcha 10 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilishi koʻzda tutilgan. Xoʻsh, bu yangilik xalqimiz uchun nima beradi?
Bu – avvalo oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, tibbiyot kollejlarini bitirib, uyda ishsiz oʻtirgan yigit va qizlarimizning yaratilgan ushbu imkoniyat tufayli ishli boʻlishi, kishini quvontiradi. Chunki, koʻp tibbiyot muassasalarida hozirgi kunda 0,5 shtat, yaʼni, bir kishi uchun moʻljallangan joyda ikki, uch kishi boʻlib ishlash holatlar ham yoʻq emas.
Shuningdek, farmonda tegishli vazirliklarga joriy yilning 1-iyuniga qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari ehtiyojidan kelib chiqib, yangilangan shtat normativlarini tasdiqlash vazifasi ham yuklatildi.
Bundan tashqari, farmonda 2021-yil 1-avgustga qadar vazirlik jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda oʻrta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtayi nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, javobgarligi, ixtisoslik yoʻnalishlarini, shuningdek, oʻquv dasturlari va rejalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish va oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab toʻliq joriy qilish belgilab qoʻyilgan.
Farmonda kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, tibbiyot sohasi oqsayotgan, ogʻir sharoitli tuman (shahar)lar tibbiyot birlashmalariga rahbarlik lavozimiga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ularning filiallari, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari, ular huzuridagi klinikalarinig malakali rahbar xodimlari va mutaxassislarini shartnoma asosida muayyan muddatga ishga jalb qilinadi. Bunday kadrlarga juda katta imkoniyatlar berilmoqda. Xususan, rahbar xodimlar va mutaxassislarga asosiy ish joyidagi oʻrtacha ish haqi miqdorini saqlagan holda, ular jalb qilingan tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidagi oylik ish haqi toʻliq toʻlab beriladi.
Joriy yilning 1-iyulidan boshlab hamshiralik ishi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritiladi. Xususan, hamshiralik ishi faoliyatini oʻrta tibbiyot yoki oliy hamshiralik ishi yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022-yil 1-yanvardan boshlab roʻyxatdan oʻtgan shaxslar amalga oshirishlari, hamshiralik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs beligilangan muddatlarda oʻz malakasini oshirib borishiga sharoit yaratilmoqda.
Farmonning 8-bandiga muvofiq, Sogʻliqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi tashkil etiladi. Jamgʻarmaga joriy yilda Moliya vazirligi 50 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratishi va 2022-yildan boshlab zarur mablagʻlarni Davlat byudjeti parametrlarida belgilanishi belgilab berilmoqda. Jamgʻarma mablagʻlari hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislarga, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ularni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan farmoni tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan kent koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga, pirovardida, aholiga sifatli, malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishiga xizmat qiladi.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati