Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yosh olimlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish bo'yicha tanlov g'olibi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tayanch doktoranti Abdullaeva Nazokatxon Shuhratovna hozirda Turkiyaning Anqara shahridagi doktor Abdurahmon Yurtaslan nomidagi Onkologiya ilmiy-izlanish shifoxonasida ilmiy stajirovka o'tamoqda.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur stajirovka davomida Nazokatxon Abdullaeva ushbu markazda onkogematologik va umumiy gematologik xastaliklar diagnostikasida va gemopoetik o'zak hujayralari transplantaciyasida muhim hisoblangan oqim citometriyasi usulida immunofenotiplash va o'zak hujayralarini miqdorini aniqlash analizlarini o'rganmoqda va malakasini oshirmoqda. Ushbu uslub yordamida diagnostika qilish hozirgi kunda O'zbekistonda RIGIATMda amalga oshirila boshlangan bo'lib, bemor biomaterialini chet davlatga yuborilishi to'xtatilgan va qisqa muddatlarda natija olishga erishilmoqda.
Anqara onkologiya markazning etakchi mutaxassislari Chiydem Sonmaz va Barish Boral oqim kitofluorimetriyasi usulida immunofenotiplash analizi bo'yicha darslar olib bormoqdalar.
Joriy stajirovkadan kutilgan maqsad nafaqat o'tkir leykozlar diagnostikasi, balki mielodisplastik sindrom, minimal rezidual kasallik, paroksizmal tungi gemoglobinuriya kabi bir qator gematologik kasalliklar diagnostikasini o'rganib, tajribani O'zbekistonda qo'llashdir. Bu haqida Innovatsion rivojlashin vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.