Ta’kidlash joiz, bu yilgi saylov birinchi marta yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida, shuningdek, Saylov kodeksi va xalqaro talablarga mos ravishda, ochiq, shaffof va demokratik ruhda o‘tdi.
Ovoz berish huquqiga ega fuqarolarimiz saylovda faol ishtirok etib, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish uchun xorijda bo‘lib turgan fuqarolarimizga ham zarur sharoitlar yaratildi. Shu tariqa xalqimiz farovonligi, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi nafaqat yurtimizda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilingan saylov uchastkalarida ham qizg‘in kechdi. Bu – hamyurtlarimizning islohotlarga, ertangi farovon kuniga bo‘lgan mustahkam ishonchidan dalolat beradi.
Quyida Prezident saylovida ishtirok etib, o‘z tanlovini erkin amalga oshirgan yurtdoshlarimiz fikrlari bilan tanishasiz.
BЕFARQ KUZATUVCHI BO‘LIB TURISHGA HAQQIM YO‘Q
Abdurashid MIRZAYEV, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi
(Qashqadaryo viloyati):
– Yildan yilga yurtimiz chiroy ochib borayotganini ko‘rib ko‘z quvnaydi. Yoshim sakson to‘rtdan oshdi. Bugungidek har sohada islohotlar, yangiliklar, o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rganim yo‘q. Ayniqsa, inson qadri va qaddi tiklanib, yashashga bo‘lgan ishtiyoq ortdi. Odamlar dunyoqarashi, fikri o‘zgardi.
Bizning bolaligimiz havas qilarli darajada o‘tmagan. Bir kun to‘q, bir kun och yurganmiz. Og‘ir kunlarni ko‘p ko‘rdik. Eslasam, ko‘zimga yosh keladi. Shu bois, bugungi zamonning har bir kuniga shukrona aytamiz. Ozod, obod mamlakatda farovon yashashdan ortiq baxt yo‘q. Ko‘chalarni to‘ldirib, shodon yurgan bolalarga qarang, ular ilmda, sportda dunyoni lol qoldirayapti. Har kuni bir farzandimiz erishgan yutuqlar haqida yangilik eshitamiz. Bundan quvonmay bo‘ladimi!
Bir paytlar biz islohotlar faqat shaharlarda bo‘ladi, deb yurar edik. Bugun uning aksini ko‘rayapmiz. Qishloq va ovullar obod bo‘lyapti. Yo‘llar obod, elektr, gaz, suv ta’minoti – barcha-barchasi e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Bir oy oldin borgan manzilingizga yana qayta borsangiz, adashib qolasiz. Zamonaviy sport inshootlariga qarab, bugunning yoshlari qanchalik baxtli ekaniga havasingiz keladi.
Saylov jarayoni boshlanganidan buyon nomzodlar dasturini, ilgari surayotgan g‘oyalarini diqqat bilan kuzatib, tanishib bordim. Deyarli har kuni e’tiborimda bo‘ldi. Sport faxriysi sifatida yurt ravnaqi, farovonligi, mamlakat taraqqiyoti bardavomligi uchun xizmat qiladigan nomzodga ovoz berdim.
58 YOSHIMDA BIRINCHI MARTA SAYLOVDA ISHTIROK ETDIM
Feruz SHOMURODOV, Forish tumanidagi “O‘zbekiston” MFY hokim yordamchisi
(Jizzax viloyati):
– Bugun men 40 yoshga yoshardim. Nega desangiz, Prezidentlik saylovidek sharafli, yurt taqdiriga nisbatan mas’uliyatli jarayonda ishtirok etish uchun 18 yosh bo‘lishingiz talab etiladi. Men esa 58 yoshimda ana shunday muhim tanlovda ilk bor ishtirok etdim va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashib, o‘zim munosib, deb bilgan nomzodga ovoz berdim.
Ha, bu men uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Zero, qariyb 60 yoshga kirib birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etyapman. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Forish tumanining Uxum qishlog‘ida tug‘ilganman va o‘rta maktabni ham shu yerda bitirganman. So‘ng Tojikiston davlat universitetiga o‘qishga kirdim. Oliy ma’lumotli bo‘lib, bir necha yil Dushanbe shahrida ishladim.
To‘qsoninchi yillar boshida o‘z vatanim – O‘zbekistonga qaytib keldim, ammo fuqarolik berishmadi. Ushbu masalada barcha tegishli tashkilotlarga murojaat qildim, mas’ul shaxslar qabulida bo‘ldim. Bari natijasiz edi.
To‘g‘ri, turli tashkilotlarda ishladim, emin-erkin yurdim. Ammo O‘zbekiston fuqarosi emasligim uchun o‘zimni xuddi begonadek his qilardim. Tasavvurimda odamlar ham menga shunday qarayotgandek tuyulaverardi.
Fuqaroligim yo‘qligi uchun mana shunday saylovlarda ishtirok etish huquqim ham yo‘q edi. Eng alam qiladigani, shu yerda tug‘ilib, voyaga yetib, ma’lum vaqt boshqa davlatda o‘qib, ishlaganim sababli chorak asrdan ziyod O‘zbekiston fuqaroligini qayta ololmadim. Yigirma olti yil fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida yashadim. Hayotimning chorak asrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish ilinjida harakat qildim. Oxiri, endi fuqarolik bermas ekan, degan xulosaga ham kelgandim.
Ming shukrki, mamlakatimizda yangi davr boshlandi. Menga o‘xshagan minglab umidsiz odamlar qalbida yana umid g‘unchalari nish urdi. Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash oliy maqsadga aylandi. Ushbu fikrlar isboti sifatida 2021 yili O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, degan sharafli maqomga sazovor bo‘ldim. Pasport olish asnosida ko‘zlarimga quvonch ko‘z yoshlari qalqib chiqdi. O‘sha vaqtda tug‘ilgan yurtim fuqarosi sifatida bor bilim, iqtidorim va salohiyatimni ishga solib, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilaman, deb o‘zimga va’da bergandim.
Maqsadimga erishdim. Ayni paytda Forish tumanidagi O‘zbekiston mahallasida hokim yordamchisi sifatida faoliyat olib boryapman. Mahallada aholi farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizni kambag‘allikdan chiqarish, muammoli masalalarni hal etish orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda oz bo‘lsa-da, xizmatim borligidan faxrlanaman.
ERTANGI KЕLAJAGIMIZ – BUGUNGI SAYLOVDA MUNOSIB NOMZODNI TANLASHGA BOG‘LIQ
Biybiraba BЕKJANOVA, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi):
– Prezident saylovi O‘zbekiston xalqi, shu jumladan, qoraqalpog‘istonliklar uchun ham katta bayram bo‘ldi. Keksa-yu yosh – barcha ovoz berish uchun saylov uchastkasiga tashrif buyurdi. Bu har bir fuqaro ertangi kuniga befarq emasligidan dalolat beradi.
Siyosiy jarayonga har birimiz mas’uliyat bilan yondashdik. Chunki ertangi kelajagimiz bugungi saylovda munosib nomzodni tanlashga bog‘liq ekanini yaxshi bilamiz-da. Shuning uchun ham saylovda o‘zim munosib, deb bilgan nomzodga ovoz berdim.
Bugungi kunda O‘zbekiston jahonda o‘z o‘rniga ega davlat. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlarning hayotdan roziligiga erishish, ularga munosib ish va turmush sharoiti yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash yo‘lida yuritilayotgan adolatli siyosat tufayli dunyodagi mavqeimiz yanada oshmoqda. O‘zbekiston yashash uchun dunyodagi eng qulay davlatlardan biriga aylanyapti.
Shu joyda bir narsani alohida aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda yurt taraqqiyoti, farovon kelajak uchun eng asosiy dastak bo‘lgan ta’lim sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Buni birgina oliy ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, amalga tatbiq etilayotgan hayotiy yangilanishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Masalan, xotin-qizlarning bilim olishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida magistratura bosqichida o‘qiyotgan yuzlab talaba qizning shartnoma to‘lovi to‘lab berilgan bo‘lsa, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan xotin-qizlarga shartnoma to‘lovi uchun foizsiz kreditlar ajratilmoqda. Bu ham yoshlarimiz, ayniqsa, xotin-qizlar ko‘proq oliy ta’lim olishi, demakki, “Ilmli ona – bilimli farzand” tamoyili asosida ziyoli jamiyat yaratish yo‘lidagi imkoniyatlar, deb bilaman.
MAQSADIM – IQTISODIYOTIMIZNING BARQAROR RIVOJLANISHIGA MUNOSIB HISSA QO‘SHISH
Suhrob RAHMONOV, “BUR KOMPRESSOR NAVOIY” MCHJ ta’sischisi
(Navoiy viloyati):
– Prezidenti saylovida oilam bilan ishtirok etib, o‘zimiz munosib, deb bilgan nomzodga ovoz berdik. Albatta, keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan imkoniyat, imtiyoz va qulay sharoitlardan mamnunmiz. Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashib, yurtimizda import o‘rnini bosuvchi 300 dan ziyod mahsulotni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz. Maqsadim – yurtdoshlarimiz farovonligini oshirish va iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shish.
Navoiy viloyati sanoatlashgan hududlardan biri o‘laroq, yirik sanoat korxonalari bo‘yicha respublikamizda eng old qatorlarda turadi. “BUR KOMPRESSOR NAVOIY” MCHJ esa ana shunday korxonalar uchun import o‘rnini bosuvchi ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonamiz Rossiya, Xitoy, Singapur, O‘zbekiston va Germaniya davlatlarida ishlab chiqarilgan eng zamanoviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan, hozirgi kunda 50 dan ortiq ishchi-mutaxassis faoliyat olib boradi.
Korxonamiz kelgusida xizmat ko‘rsatish sohasida ham ish olib borishni maqsad qilgan va bu borada kerakli ishlarni olib bormoqda. Ushbu ishlar yakuni bilan jami 150 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bugungi kunda 49 ta ishlab chiqarish va qayta ishlash uskunasi ishga tushirilgan.
Korxonamizda bir qator import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilib, mahalliy bozorlarimiz uchun yangi bo‘lgan 300 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, hozirda burg‘ulash, kompressor va maxsus texnikalar uchun bir qator yangi turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan.
Ishchi-xodimlarga 3 mahal issiq ovqat berilib, ishga borib-kelishi uchun xizmat mashinasi ajratilgan. Albatta, bu qulayliklar ularning mehnat faoliyatini yaxshi olib borishi, pirovardida, samaradorlikka erishishda yordam beradi.
Bu jarayonlarning barchasi yurtimizda tadbirkorlar faoliyati rivoji uchun keng sharoitlar yaratib berilayotgani, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar natijasidir.
O‘ylaymanki, yurtdoshlarimiz saylaydigan Prezident bilan birgalikda, bu kabi islohotlar yanada shiddat bilan davom etadi. Biz esa, bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shaveramiz.
SAYLOVDA AHOLI FAOLLIGI ORTGANINI KUZATDIM
Jumaali SHABANOV, Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 111-saylov uchastkasi raisi:
– Bizning saylov uchastkamizga Mingo‘rik va Movarounnahr mahallalari biriktirilgan, 2211 saylovchi ro‘yxatga olingan. Shundan 172 kishi saylov kuni yashash joyida bo‘lmasligi sababli muddatidan ilgari ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.
Saylov kuni erta tongdan aholi gavjum bo‘ldi. Ertalab soat 8.00 dan boshlab saylov uchastkasi yopilguncha saylovchilar kelib o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berdi. Barchaning yuz-ko‘zida xursandlik, xotirjamlik hissi namoyon bo‘ldi. Albatta, bularning barchasi yurtimizdagi bugungi tinchlik-totuvlik muhiti samarasidir.
Men ilgari ham ko‘p saylovlarda ishtirok etganman. Bu gal aholining saylovoldi tadbirlarida va saylov jarayonida faolligi ortganini kuzatdim. Bu esa xalqimizning dunyoqarashi tubdan o‘zgargani va yurt taqdiriga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi kuchayganini ifoda etadi.
Joriy yil mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz umumxalq ishtiroki bilan qabul qilingani xalqimizning yurt ravnaqi yo‘lida intilishlari va hamjihatligini yanada kuchaytirdi. Zero, yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda bugungi hayotimiz va kelajak taraqqiyotga xizmat qiladigan muhim huquqiy asoslar o‘z aksini topdi.
Prezident saylovi aynan ushbu Konstitutsiyada belgilangan tamoyillar asosida o‘tgani bu jarayonga xalqaro hamjamiyatning ham qiziqishini kuchaytirdi. Saylov kuni bizning uchastkamizga ham mahaliy kuzatuvchilar va OAV vakillari qatorida ko‘plab xorijlik ekspertlar tashrif buyurgani, jarayonni boshdan oxirigacha kuzatib borgani buning yaqqol dalili bo‘ldi.
MAHALLA TIZIMIDAGI ISLOHOTLAR BARDAVOM BO‘LAJAK
Qayum SOHIBOV, Yangi hayot tumani “Yangi hayot” MFY raisi (Toshkent shahri):
– Mahallamizdan 2380 fuqaro saylovchilar ro‘yxatiga kiritildi. Shundan 132 nafari muddatidan ilgari ovoz berishda ishtirok etdi. Saylovchilarning 12 nafari birinchi marta ovoz berdi. Ushbu yigit-qizlarimizga Prezident saylovidagi ilk ishtirokidan esdalik bo‘lib qolsin, deb kitoblar sovg‘a qildik.
Aytish kerakki, keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatorida mahalla tizimida ham muhim islohotlar amalga oshirilyapti. Buning natijasida hayotda uchraydigan ko‘plab muammolarni hal etish, aholini qiynayotgan masalalarga yechim topishda mahalla yetakchi bo‘g‘inga aylanib boryapti. Hozirgi kunda mahallada oqsoqol, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va boshqa tizimlar hamkorligida ish olib borilayotgani ham o‘z samarasini bermoqda. Kelgusida mahalla instituti faoliyatini yanada rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.
Ishonchimiz komilki, Prezident saylovi mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni davom ettirish va yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ladi.
O‘Z KЕLAJAGIM UCHUN OVOZ BЕRDIM
Farzona YO‘LDOSHЕVA, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori (Farg‘ona viloyati):
– Men ham mamlakatimizdagi boshqa tengdoshlarim qatori Prezident saylovida ishtirok etib, o‘zim munosib, deb bilgan nomzodga ovoz berdim.
Bu jarayondagi ilk ishtirokim hayotimdagi eng quvonchli dam hisoblanib, menda el-yurt kelajagiga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘usini mustahkamladi.
O‘zbekiston yoshlar mamlakati sifatida e’tirof etib kelinadi. Bu bejiz emas. Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam huquqiy baza yaratildi. Davlatimiz tarixida ilk bor “Yoshlar kuni” nishonlana boshlagani ham tengdoshlarimiz uchun o‘ziga xos quvonchli bayram bo‘lish bilan birga, ularni yangi marralarga chorlovchi, jonajon vatanimizga sadoqatini yanada kuchaytiruvchi beqiyos rag‘bat hamdir.
Yurt kelajagini bunyod etishga bel bog‘lagan, amalga oshirilayotgan ishlarga daxldorlik hissini tuygan, fidoyi va ijodkor yoshlarimizni rag‘batlantirish maqsadida “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi. Yigitlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini yanada yuksaltirish, ularda mardlik, jasorat, sadoqat kabi fazilatlarni shakllantirish maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etilgani ham ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ko‘rinishi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yuksak intellektual salohiyatli, kitobga oshno, bilimli avlodni voyaga yetkazish maqsadida “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi va respublikamiz bo‘ylab eng ommalashgan tanlovga aylandi. Shuningdek, yoshlar biznes tashabbuslari, g‘oya va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar bizga har jihatdan faol va tashabbus ko‘rsatib ishlash imkonini bermoqda.
To‘qqiz yoshimdan buyon skripkaga qiziqaman. Bir necha bor Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlarida o‘tgan xalqaro ko‘rik-tanlovlar g‘olibi bo‘ldim. 2021 yilda san’at yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanib, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilindim.
Maqsadim, o‘zbek musiqa san’ati an’analariga sodiq qolgan holda, yangi kuy-qo‘shiqlar yaratish asnosida milliy musiqa durdonalarimizni dunyoga ko‘z-ko‘z qilish. Bugungi saylovdagi tanlovim bu borada o‘ziga xos imkoniyatlar yaratishiga ishonaman.
SHIFOXONADA BO‘LSAK HAM OVOZ BЕRDIK
Gulbahor JO‘RAYEVA, Namangan tumani “Xonobod” MFY fuqarosi:
– Ikki o‘g‘lim bor. O‘zim tuman tibbiyot birlashmasining xirurgiya bo‘limida farrosh bo‘lib ishlayman. Shu bois, tibbiyot sohasidagi katta ijobiy o‘zgarishlarga shaxsan guvohman.
O‘tgan yili shifokorga sog‘ligimdan shikoyat bilan kelganimda surunkali buyrak yetishmovchiligi va kamqonlik deb tashxis qo‘yishdi va darhol muolajani boshlashdi. Vaqti-vaqti bilan mutaxassislar ko‘rigiga uchrab turibman. Xudo xohlasa, shifokorlar tavsiyalariga qat’iy rioya qilib tuzalib ketishimga umidim, ishonchim baland. Hukumatimiz g‘amxo‘rligi uchun rahmat, bepul dori-darmon bilan ta’minlab turibdi.
Rejali davolanishim saylov kuniga to‘g‘ri keldi. Shifoxona yaqinida 41-saylov uchastkasi joylashgan ekan. Shu saylov uchastkasi mas’ullari bizga ham saylash huquqidan foydalanish uchun imkoniyat yaratib berdi. Saylov kuni 225 bemor saylash huquqidan foydalandik.
Saylovda o‘z tanlovim bilan qatnashganimdan xursandman. Shifokorlar qadrini ko‘taradigan, bizdek bemorlar tezroq sog‘ayishi uchun har taraflama g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan munosib nomzodga ovoz berdim.
Ilohim, yurtimizda doimo bayramlar, to‘ylar bo‘lsin. Hech kimning shirin joni og‘rimasin, aslo dardga chalinmasin, xonadoniga qayg‘u yo‘lamasin!
O‘z muxbirlarimiz









