Hukumatimiz topshirigʻiga koʻra, Toshkent viloyati hokimligi zimmasiga Sardoba suv omboridagi toshqindan talofat koʻrgan Oqoltin tumanining “Shodlik” fuqarolar yigʻini hududidagi 17 gektar maydondagi 128 ta xonadonlarni taʼmirlash vazifasi yuklatilgan. Buning uchun viloyat “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi rahbarligida bir necha qurilish-pudratchi tashkilotlari bunyodkorlik yumushlarida bir necha oydan buyon faol ishtirok etmoqda.
Maqola eʼlon qilingan paytda ham qayta bunyod etilayotgan uylarning aksariyat qismida taʼmirlash yumushlari yakuniga yetgan, xususan, 38 ta uyda 90 foiz taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan, 90 ta uy toʻliq taʼmirlab boʻlingan, 85 ta uy esa foydalanishga topshirilgan. Darhaqiqat, bunyodkorlik ishlarini koʻrib, kishining koʻzi quvnaydi, aholi yashash punktlari nafaqat oʻz holiga qaytyapti, balki tobora chiroyli qiyofaga kirmoqda.
Eng muhimi, aholining azaliy orzusi boʻlgan tabiiy gaz har bir xonadonga kirib borayotganligi, bir soʻz bilan aytganda, amalga oshirilayotgan barcha bunyodkorlik ishlari natijasida Oqoltin tumaniga hayot yana qaytib kelayotganligini mahalliy aholi tomonidan bir necha bor eʼtirof etilgan.
Lekin qayd etish lozimki, hamma ishda boʻlgani kabi Toshkent viloyati hokimligi tomonidan qayta tiklanayotgan uylarning baʼzilarida ayrim juzʼiy kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilganligi bor gap. Xususan, 92-, 93-uylarning yuvinish xonalarida devorlar toʻliq tozalanib, demontaj qilinmasdan, kafel terish yumushlari bajarilgan, xonalarning ichki oraliq devorlariga oʻrnatilgan eshiklar atrofi maxsus koʻpiklar bilan toʻldirilmasdan, taxtalar bilan yopilgan.
96-, 97-uylarda ham xuddi shunday kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Xuddi shunga oʻxshash nuqsonlar 94-, 95-uylarda ham mavjud boʻlgan, jumladan, xonalarning isitish tizimidagi polietilen quvurlarining devorlar orasiga gilzalar qoʻyilmagan va klipsalarni 400-450 mm.li oʻlchamdagisi oʻrniga 550-600 mm.ligi oʻrnatilganligi kabilarni keltirish mumkin.
Eng asosiysi, kamchiliklarning barchasi Samarqand viloyati va Toshkent viloyati qurilish nazorati inspeksiyalari, qolaversa, bevosita bu yerdagi tiklash ishlarida bevosita ishtirok etayotgan Toshkent viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi va “Nazar hamkor qurilish qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati pudratchi tashkiloti mutaxassislari tomonidan aniqlangan va ularni bartaraf etishga darhol kirishilgan.
Xoʻsh, bugun Toshkent viloyati hokimligi zimmasiga biriktirilgan hududda ahvol qanday degan tabiiy savol tugʻiladi. Viloyat hokimligining Oqoltin tumani “Shodlik” fuqarolar hududidagi masʼullarning xabar berishicha, “Kun.uz” saytida eʼlon qilingan materialdagi barcha kamchilik hamda nuqsonlar bartaraf etilgan. Quruvchilarga biriktirilgan uylarning 90 foizi tayyor boʻlib, egalariga topshirish arafasida.
Yana bir bor taʼkidlash lozimki, keng koʻlamda amalga oshirilayotgan qurilishda aniqlangan barcha kamchilik va nuqsonlar juzʼiy, yaʼni juda oddiy edi. Yana ularning barchasi oʻz ishiga tanqidiy yondashgan quruvchilarning oʻzlari tomonidan qayd etilgan...
Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.