Haqorat qilganlik — shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma'muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xususan, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda haqorat qilgan shaxsga nisbatan 6 mln 600 ming so'mdan 13 mln 200 ming so'mgacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Agar ushbu huquqbuzarlik 1 yil ichida takroran sodir etilsa, huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Jinoyat kodeksiga asosan haqorat qilgan shaxsga:
— 66 mln so'mgacha miqdorda jarima;
— 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
— 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi berilishi mumkin.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko'paytirilgan tarzda, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internetda joylashtirish orqali haqorat qilinsa, ushbu harakat to'g'ridan-to'g'ri jinoyat hisoblanadi va aybdor:
— 66 mln so'mdan 132 mln so'mgacha jarima;
— 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
— 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Agarda haqorat qilish:
— jabrlanuvchini o'z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog'liq holda;
— xavfli retsidivist tomonidan;
— tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo'lsa:
U holda 132 mln so'mdan 198 mln so'mgacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi tayinlanishi mumkin, deya xabar bermoqda Huquqiy axborot telegram kanali.