Haqorat qilganlik – shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda haqorat qilgan shaxsga nisbatan 4 460 000 soʻmdan 8 920 000 soʻmgacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Jinoyat kodeksiga asosan haqorat qilgan shaxsga:
- 44 mln 600 ming soʻmgacha miqdorda jarima;
- 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
- 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi berilishi mumkin.
Haqorat qilish nashr qilish, boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoki OAV orqali amalga oshirilsa ushbu harakat toʻgʻridan-toʻgʻri jinoyat hisoblanadi va aybdor:
- 44 mln 600 ming soʻmdan 89 mln 200 ming soʻmgacha jarima;
- 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
- 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Agarda haqorat qilish:
• jabrlanuvchini oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bogʻliq holda;
• xavfli retsidivist tomonidan;
• tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan boʻlsa:
- 89 mln 200 ming soʻmdan 133 mln 800 ming soʻmgacha miqdorda jarima;
- 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 1 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.