5-sentyabrdan esa qator faoliyat turlariga cheklovlar bekor qilindi. Ular orasida umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona), tomosha va madaniy-koʻngilochar obyektlari (faqatgina teatr va kinoteatr) hamda parklar va istirohat bogʻlaridagi attraksionlar ham mavjud.

Ammo bu yurtimizda koronavirus infeksiyasi chekingani va odamlar ehtiyot choralarini unutib, hohlagan joyida harakat qilishlari mumkinligini anglatmaydi. Mamlakatimizda hali ham “COVID-19”ning tarqalishini oldini olish va kasallikka chalinganlarni aniqlash hamda davolash choralari faol olib borilmoqda.

Oxirgi bir hafta davomida koronavirus infeksiyasiga chalinganlarning qayd etilish koʻrsatkichi sezilarli darajada pasaygan boʻlsa-da, bu xotirjamlikka berilish, virusga nisbatan hushyorlikni unutish mumkin degani emas.

— Masalaga tez tibbiy yordam xizmatiga qilinayotgan murojaatlar tahlili misolida qaraydigan boʻlsak, sentyabrning dastlabki haftasida chaqiruvlar soni birmuncha oshganligiga guvoh boʻlamiz, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Umidullo Riskiyev. — Jumladan, poytaxtimizda joriy yil avgustning oxirgi 7 kunida chaqiriqlarning umumiy soni 18 316 ta boʻlgan boʻlsa, sentyabr oyining birinchi 7 kunligida esa 19 707 tani tashkil etdi. Bu koʻrsatkichlar oxirgi haftada chaqiriqlarning umumiy soni 1 391 taga ortganini koʻrsatadi. Aytish lozimki, 1–7-sentyabr kunlari kelib tushgan chaqiruvlardan 6 145 tasi (umumiy chaqiriqlarning 31,2 foizi) tana haroratining oshishi, 3 091 tasi (u.ch. 15,7 foizi) oʻtkir respirator kasalliklari bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa, 814 tasi (u.ch. 4,1 foizi) esa pnevmoniya belgilari mavjud bemorlar tomonidan amalga oshirilgan.

Shulardan kelib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligi yana bir bor aholini hushyorlikka va har bir fuqaroni oʻzini himoya qilish qoidalariga qatʼiy amal qilishga chaqirib qoladi. Agar odamlar qoʻllarini muntazam yuvib, jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni toʻgʻri va doimiy tarzda taqib yursa, ijtimoiy masofani saqlashni unutmasa, nafaqat koronavirus infeksiyasidan, balki boshqa mavsumiy oʻtkir respirator kasalliklaridan ham oʻzlarini asrashlari mumkin boʻladi. Oʻzimiz va yaqinlarimizni asraylik! Salomatligimiz oʻz qoʻlimizda!

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi