Yurtimizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va davolash muassasalarining tajribali reanimatolog, terapevt-pulmonolog, pediatr va boshqa mutaxassislari saralab olinib, ular “COVID-19”ni davolash muassasalariga jalb etilgan shifokorlarni koronavirus boʻyicha toʻplangan milliy tajriba va dunyo olimlarining oxirgi izlanishlari natijasida aniqlangan soʻnggi maʼlumotlar asosida qayta tayyorlash va koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha qoʻllanmaning yangilangan shaklini joylarda tizimli oʻqitish boʻyicha trenerlikka safarbar qilinmoqda.

Bundan koʻzlangan maqsad koronavirus oʻchogʻida ish olib boradigan mutaxassislarni bemorlar bilan ishlashga maksimal darajada tayyorlash, shu orqali kasallikni jilovlashda va bemorlarning sogʻayish koʻrsatkichlarini yana-da yaxshilashda ijobiy natijaga erishishdir.

Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent stomatologiya davlat instituti, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va davolash muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda mutaxassislari orasidan saralab olingan shunday trenerlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqotda vazir ularga tegishli koʻrsatma va tavsiyalarini bildirdi.

Vazirlikning tegishli buyrugʻiga koʻra, mamlakatimizning har bir hududiga 12 nafardan turli yoʻnalishdagi tibbiyot mutaxassislari safarbar qilinadi. Ularga qoʻshimcha ravishda hududlardagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari biriktiriladi. Ular koronavirusni davolash muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan va u yerda ish boshlamoqchi boʻlgan shifokorlarni yangicha modul oʻquv dasturi asosida oʻqitadi, bilim-koʻnikmalarini oshiradi, davolash jarayonlarida ham bevosita ishtirok etadi.

Oʻquv dasturini ijobiy oʻzlashtirgan shifokorlarga tegishli sertifikatlar berilib, davolash muassasalariga ish boshlash uchun yuboriladi.