Yurtimiz obodonchiligi, xalq moddiy-maʼnaviy ahvolini, saviyasini yuksaltirishda yillar nomi bilan bogʻliq qabul qilingan davlat dasturlari asosida amalga oshirilgan ishlar samaralari eʼtirof etilmoqda. Yurtimizda 2026-yil — Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb eʼlon qilindi. Bundan bosh maqsad — ona vatanimizdagi har bir inson hayotdan rozi boʻlib yashashini toʻliq taʼminlash sari yangi odimlar qoʻyish.
Prezidentimiz raisligida shu yil 23 yanvar kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan videoselektorda qator raqamlar, dalillar tilga olindi. Ularni mushohada prizmasidan oʻtkazgan mulohazakor inson yaqin tarixda oʻzbek jamiyatining eng muhim, tunu kun faoliyatda boʻlgan, har birimizning taqdirimiz bogʻlangan mahallalar rivoji uchun taqdiriga bunday eʼtibor, amaliy qoʻllov rejasi tuzilmaganini tasdiqlaydi.
Fikrimiz isboti uchun ayrim dalillar keltirsak.
2026-yilda 1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilandi.
“Ogʻir” tuman va mahallalar ahlini ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish masalalari atroflicha koʻrilib, avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida 903 ta mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt boʻlgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilib, “begʻaraz aktiv” sifatida beriladi.
Ushbu stansiyalar hisobidan har bir mahallada 400-500 million soʻm qoʻshimcha daromad keltiradigan “iqtisodiy aktiv” shakllantirilishi nazarda tutilgan.
Mahallalarda ixtisoslashuvni ragʻbatlantirish maqsadida qoʻshimcha moliyaviy mexanizmlar joriy etilib, tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari uchun sertifikatlangan koʻchatlarni xarid qilish xarajatining 50 foizi byudjet hisobidan qoplab beriladi.
Meva turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Tomorqada tomchilatib sugʻorishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming soʻm kompensatsiya toʻlanadi. Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yoʻlga qoʻysa, 2 million soʻm, agar buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida amalga oshirsa, qoʻshimcha ravishda 75 million soʻmdan mukofot oladi.
Ommaviy axborot vositalari sahifalarida, turli yigʻin va tadbirlarda tilga olinayotgan yuqoridagi raqamlarni “Yana takrorlash shartmidi?” degan eʼtirozlar oʻrinli. Chunki endi asosiy quvvatlar, eʼtibor rejalar bajarilishiga qaratilishi, tahlillar ham shu yoʻnalishda boʻlishi maqsadga muvofiq. Ushbu nuqtayi nazardan yondashsak, taassufki, dilda qator ishtibohlar uygʻonadi.
Prezidentimizning “Qayerda hayot yaxshilansa, daromad koʻpaysa, oʻsha yerda “yengil pul topish” harakatida boʻlgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo boʻladi” degan fikrlarini SOS ogohlantirish oʻrnida koʻrib, alohida diqqat qarataylik.
Davlatimiz rahbarining “Barcha tumanlarda “oilaviy tadbirkorlik” boʻyicha imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori 1,5 barobar oshirilib, 50 million soʻmga yetkaziladi. Import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva uchun 100 million soʻmgacha, uy mehmonxonasi, kichik muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash minitexnologiyalari uchun esa 150 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi” degan fikrlari oʻtgan yaqin yillarda mahallalardagi ehtiyojmand xonadonlarga yordam, qoʻllab-quvvatlash sifatida joʻjalar, tovuqlar, chorva hayvonlari tarqatilganda kuzatilgan voqealarni yodga soldi.
“Ogʻir” toifadagi mahallalardagi boʻsh yer uchastkalari va davlat obyektlarining boshlangʻich narxini 2-3 barobar pasaytirib, ularni sotuvga chiqarish amaliyoti joriy etiladi.
2026-yilda 2 ming gektar oʻrmon yerlari 4 ming kambagʻal oilaga 50 sotixdan tutzor barpo etish uchun 10 yilga bepul ajratiladi. Pillachilik kooperatsiyasini tashkil etish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million soʻmdan subsidiya, uyida pilla yetishtirish istagida boʻlganlarga esa xonadonni jihozlash va uskuna xaridi uchun 20 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi — mana shu moddiy qoʻllovdan ham ilmu tadbirkorlik, xalq tajribalariga asoslanib foydalanilsa, qancha yangi-yangi iqtisodiy samarador imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida katta avlod vakili boʻlgan onalar, buvilar uchun kelinlik sepida pombarxat deb ataladigan matodan koʻylagi boʻlishi orzu edi. Oddiy mehnatkash xalq vakillari haqida gapiryapman. Sof pilla ipagidan toʻqilgan, juda chiroyli bu mato Xitoydan, Yaponiyadan olib kelinardi. Garchi oʻsha yillari ilk bahorning izgʻirin kunlaridan boshlab qishloqlar, shaharlarning ham ayrim oilalari oʻzlari ayvonga, hovliga koʻchib, uylarini pilla qurtiga boʻshatib berib, qurt boqib, katta pilla hosili olsa-da, eng sifatli ipak matolar xorijdan keltirilishiga tushunmasdim. Bir safar toʻqimachilik sohasining yetuk mutaxassisi — masʼul idoralardan birida ishlaydigan xodimga shu fikrimni aytdim. Uning javobidan maʼlum boʻldiki, pillamizning “qorapachoq” deb ataladigan, yaʼni ipak qurti ichida kapalakka aylanmay oʻlib qolganidan keyin qorayib ketadigan eng past navini ham yengil sanoati taraqqiy etgan davlatlar sotib olib, undan sifatli matolar tayyorlab, oʻzimizga otning kallasiday narxga sotar ekan...
Iqtisodiy qoʻllovlar vositasida tutzorlar tashkil etilishi, pillachilik rivojlanishi xonadonlar iqtisodiyotini yuksaltirishga, ekologiyaning musaffolashuviga, yangi ish oʻrinlari paydo boʻlishiga va bugun dunyo mamlakatlariga yoʻllari ochiq boʻlgan tadbirkorlar gʻayrat qilsalar, oʻzimizda ipakdan toʻqiladigan tabiiy matolarning ilgʻor sanoati taraqqiy etishiga yoʻllar ochiladi. Faqat buning uchun reja asosida ajratilgan yerlar loyihadagi kabi narxlarda tutzorlar tashkil qiladigan, pillachilikni rivojlantiradigan haqiqiy mirishkorlarga, pillachilikka qiziqqan mehnatkashlarga berilishi kerak. Zero, tutzorlar yetarli boʻlsa, juda koʻp mahallalar pillachilikka ixtisoslashishi mumkin.
Bizningcha, har bir mahalladagi ziyolilar, turli soha va, ayniqsa, iqtisodiyot, hisob-kitob, texnika vositalari borasida maʼlumotli, tajribali insonlar bitta “musht” boʻlib, ular ajratilgan har qanday mablagʻning toʻkilmay-sochilmay mahallaning “hamyoni”ga tushishi, shu hudud ahli hayoti yengillashuvi, farovonlashuvi uchun toʻgʻri va samarali rasamad qilinishiga masʼul, bosh-qoshlikni, nazoratchilikni zimmaga olishlari kerak. Shundagina mahalla uchun ajratilgan har bir soʻmning natijadorligi taʼminlanadi.
Muhtarama ULUGʻOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi