“Tashkent city”dagi “Congress Hall” majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining oʻn birinchi syezdi davom etmoqda.

 Partiyadan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev beshta strategik maqsaddan iborat saylovoldi dasturi bilan tanishtirmoqda. 

– Endi, har bir mahallada professional ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va ular ijtimoiy xizmatlarni manzilli asosda koʻrsatadi. Ogʻir hayotiy ahvolga tushgan yoki tushish xavfi yuqori boʻlgan har bir oila boʻyicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi” ochiladi. Ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dorilarni yetkazish, farzandlarini bogʻcha va maktabga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladi. Ogʻirroq vaziyatdagi oilalarga psixologik yordam ham beriladi. Bunday oilalarning hayot sifati amalda yaxshi tomonga oʻzgargandan keyingina, “ijtimoiy xizmat ishi” yopiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.