Aytish joizki, Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida bir qator dolzarb tashabbuslar ilgari surilgan, yurtdoshlarimiz fikrlari eshitilib, ularni oʻylantirib kelayotgan masalalar eʼtiborga olingan edi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidan ana shu tashabbuslar, xalqimiz bildirgan takliflar inobatga olingan holda yetti yilga moʻljallangan chora-tadbirlar oʻrin olgan.
Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida ham qonunchilikka koʻplab konseptual oʻzgarishlar kiritildi. Tabiiyki, bularning barchasi Taraqqiyot strategiyasidagi maqsadlarga ham aniqliklar, tuzatishlar kiritishni taqozo etdi. Yana bir jihat shundaki, aslida 2026-yilga qadar belgilangan asosiy maqsadlar oʻzgarmaydi, faqat unga qoʻshimcha ravishda qator muhim vazifalar belgilanmoqda.
Endi bevosita “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida taklif etilayotgan vazifalarga toʻxtalsak. Strategiya 5 yoʻnalishni koʻzda tutgan. Birinchi yoʻnalish “har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish”ga qaratilgan boʻlib, bu boradagi muhim masalalar nazarda tutilmoqda. Misol uchun, umumiy oʻrta taʼlim tizimida joriy yildan boshlab har yili 500 ming yangi quvvat tashkil etish koʻzlanmoqda. Buning natijasida kelgusi yetti yilda 3,5 million oʻquvchi oʻrni yaratiladi. Maktabgacha taʼlim qamrovini 100 foizga, oliy taʼlim qamrovini kamida 50 foizga yetkazish kabi muhim maqsadlar belgilangan. Eng asosiysi, ushbu strategiya doirasida taʼlim sohasiga eʼtibor eng birlamchi masala sifatida koʻrilmoqda.
Inson kapitalini rivojlantirishga doir islohotlar jarayonida tibbiyotni yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu sohada 700 ta poliklinika barpo etish, 28 ming shifo oʻrni yaratish, 16 ming shifokor shtati tashkil etish taklif etilmoqda. Tugʻruq oʻrinlari sonini 35 foiz oshirish nazarda tutilmoqda.
Birinchi yoʻnalishda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan kompleks vazifalar ham qayd etilgan. Misol uchun, nogironligi boʻlgan muhtoj shaxslarni sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlash darajasini 100 foizga yetkazish belgilangan. Yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashgʻul boʻlishini taʼminlash uchun har bir viloyatda 1 tadan “Kreativ park” ochish, ularga yiliga kamida 40 ming yoshni jalb qilinadi. Umuman olganda, birinchi yoʻnalishda xalqimiz uchun oʻz imkoniyatlaridan samarali foydalanishga koʻmaklashuvchi yaxlit tizim shakllantirish maqsad qilingan.
Ikkinchi yoʻnalishda barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash masalalarida qator takliflar ilgari surilgan. Xuusan, kelgusi yetti yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Oʻtgan yili ilk bor mamlakatimiz YAIM hajmi 80 milliard dollarlik marraga yetgan edi. 2030-yilgacha ushbu koʻrsatkichni 2 barobar oshirish belgilanmoqda. Qolaversa, inflyatsiya darajasi 5-6 foizdan oshmasligini taʼminlash, kredit foizlarini 10-12 foizgacha tushirish, kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish, jamoat transportini toʻliq ekologik toza yoqilgʻiga oʻtkazish, 56 ming kilometr yoʻl qurish va taʼmirlash, 17 turdagi davlat monopoliyasini bekor qilish kabi muhim iqtisodiy masalalar yuqoridagi marraga yetish uchun muhim hisoblanadi.
Keltirilgan misollar strategiyada belgilangan iqtisodiy maqsadlarning bir qismi, xolos. Bundan tashqari, sanoat, turizm, qurilish, energetikani rivojlantirish masalalarida ham qator choralar nazarda tutilmoqda. Hech bir iqtisodiy koʻrsatkichni boshqasidan ustun yoki ahamiyati pastroq, deb boʻlmaydi. Har bir maqsad chuqur oʻylangan va bir-birini toʻldiradi.
Shu oʻrinda aholini uy-joy bilan taʼminlash masalasiga alohida toʻxtalmoqchiman. Chunki oʻtgan yillarda yurtimizda rekord darajada yangi uy-joylar qurildi. Bularning barchasi iqtisodiy oʻsishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu islohotlar jadalligini taʼminlash maqsadida strategiya doirasida jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan yangi uy-joylar uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining 50 foizini toʻlab berish taklif etildi. Oʻylaymanki, bu omil ham xalqimiz vatan ichra kichik vataniga ega boʻlishida muhim rol oʻynaydi.
Uchinchi – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishida ham dolzarb maqsadlar rejalashtirilgan. Ekologiya va suv tanqisligi muammolari bugun har qachongidan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, bu muammolar strategiyada alohida yoʻnalishda aks ettirilmoqda. Jumladan, suv ishlatish samaradorligini 25 foiz oshirish, barcha ekin maydonlarini toʻliq suv tejaydigan texnologiyalarga, ichki sugʻorish tarmoqlarining 50 foizini yopiq quvurli sugʻorish tizimlariga oʻtkazish, yirik nasos stansiyalarini davlat-xususiy sherikligiga berish maqsadi belgilangan. Shuningdek, har yili 200 million tup daraxt ekib borish va respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, byudjet mablagʻlari hisobidan ekiladigan har bir daraxtni parvarish qilish va sugʻorish tizimini yaratish kabi chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Yana bir muhim masala. Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 100 foizga, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish ham alohida maqsadlar qatoridan oʻrin olgan. Umuman, mazkur yoʻnalish keng jamoatchilik fikri asosida shakllantirildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki ekologik muammolar yil sayin chuqurlashib bormoqda.
Toʻrtinchi yoʻnalish qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishni nazarda tutadi. Mazkur yoʻnalishda ham fundamental islohotlar taklif etilmoqda. Ularning muhimligi shundaki, xalqimizga toʻgʻridan-toʻgʻri boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini berish, boshqaruvni nomarkazlashtirish kabi masalalar nazarda tutilgan. Masalan, eng muvaffaqiyatli loyihalar qatorida boʻlgan tashabbusli byudjetlashtirish uchun ajratiladigan mablagʻ hajmini 24 trillion soʻmga yetkazish belgilangan.
Mahalla mablagʻlarini aholi ovoziga koʻra infratuzilma loyihalariga yoʻnaltirish amaliyotini joriy qilib, muammolarni hal etish uchun ajratiladigan mablagʻ miqdorini kamida 3 barobar koʻpaytirish taklif etilmoqda. Mahalliy ijro hokimiyati organlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirish, shu jumladan, hokimlarni saylash tizimini joriy etish va ularni muddatidan oldin lavozimidan ozod etishning huquqiy asoslari yaratiladi. Litsenziyalash va ruxsat berish hujjatlari kamida 20 foiz qisqartirilib, 50 foizi soddalashtiriladi.
Beshinchi yoʻnalish, yaʼni xalqimizning xavfsizligi va tinchliksevar siyosat yuritishga oid masalalarda vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalari faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish va ular sonini 300 taga yetkazish, milliy madaniy markazlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablagʻ miqdorini 2 barobar oshirish, sohada ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalar sonini 4 barobar koʻpaytirish kabi maqsadlarni alohida qayd etish joiz.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini batafsil oʻrganib chiqish va bu muhokamada faol ishtirok etish har birimizning burchimizdir. Zero, mazkur hujjat ertangi taraqqiyotimizning muhim poydevori boʻlib, ezgu maqsadlarimizga erishish yoʻlida dasturulamal hujjatdir.
Bobur BEKMURODOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi