Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chimyon qishlogʻi sari borar ekansiz, yoʻl boʻyi manzarasidan koʻz quvnab, dil yayraydi.

Qishloq oʻrtasida “Yoshlar oromgohi” dam olish majmuasi joylashgan. Shu yerda anʼanaviy “Chimyon-EXO – 2021” eko-sayyohlik hamda “Chimyon ekstrim – 2021” qishki ekstremal sport turlari festivali boʻlib oʻtdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oʻtkazilgan tadbirda hokimliklar, vazirliklar, idoralar hamda yirik korxona-tashkilotlarning sport targʻibotchilari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Ular basketbol, voleybol, badminton va mini-futbol boʻyicha jamoaviy hamda yakkalik bahslarda doʻstona bellashdi.

Bu galgi festival sport targʻibotchilari uchun moʻljallangani ishtirokchilar tarkibidan ham maʼlum.

Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiqetish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan joriy yil 1-yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarda sogʻlom turmush tarzi, ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida sportga qiziqishi boʻlgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash belgilangan edi.

Hozirda ular mehnat jamoalarida ish boshlagan. Bu yangi tizim. Shu bois, Chimyondagi tadbir doirasida sport targʻibotchilari uchun seminar-treninglar oʻtkazildi. Oʻzaro tajriba almashinib, ish yuritish mexanizmi yuzasidan tushunchalar berildi.

Togʻdagi har bir qadam sport, sogʻlom turmush tarziga hamohang tashlanadi, vaqt salomatlik foydasiga ishlaydi. Tadbir ishtirokchilari uch kun shu kayfiyatni sezib yashadi.

“Yoshlar oromgohi”dan 5-6 kilometr teparoqda togʻ osma dor yoʻli va changʻida uchish uchun tabiiy qor yoʻli bor. Festivalning oxirgi kunida shu yerda togʻ changʻisi va snoubord boʻyicha ham musobaqalar oʻtkazildi. Buning uchun mahalliy aholi orasidan iqtidorli yosh sportchilar saralab olingan ekan.

Musobaqada 7 yoshdan 14-15 yoshgacha boʻlgan bolalar ishtirok etdi. Oʻnlab yosh changʻichilarning bayrogʻimizni hilpiratib, choʻqqidan yelib kelishini koʻrib, faxrlanasiz.

Festival konsert dasturibilan yakunlandi. Musobaqa gʻoliblari va barcha ishtirokchilarga esdalik sovgʻalar ulashildi.

Sport va turizm – oʻzaro uygʻun soha. Bunga festival doirasidagi tadbirlarda yana bir bor amin boʻldik. 200 ga yaqin ishtirokchi uch kun davomida qishloq tabiati bilan tanishdi, dala hovlilar shart-sharoiti bilan qiziqdi. Bu yerga oilaviy kelish istagida iliq xayrlashildi.