Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi mazkur holat hududiy boshqarma masʼullari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻrganilganini maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, videoda Davlatobod tumani “Navbahor” mahallasida yashovchi, 2007-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan D.R.ning xatti-harakatlari aks etgan boʻlib, videolavha Yangi Namangan tumanidagi goʻzallik saloni xodimlari tomonidan salon mijozlari va kanalidagi obunachilarining sonini koʻpaytirish maqsadida olingan.
Holat yuzasidan masʼul idoralar vakillari tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ushbu videolavha bilan bogʻliq holatlar jamiyatda oʻrnatilgan qoidalarni mensimaslik, qolaversa, turli maqsadlar yoʻlida voyaga yetmagan shaxsdan foydalanish, odamlarning fikrini manipulyatsiya qilish, chalgʻitish sifatida jamoatchilikning oʻrinli eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi har bir shaxs jamiyatdagi maʼrifiy qoidalarni hurmat qilishi zarur, deb hisoblaydi.
Holatning oʻrganish natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.