«Bugun shuni faxr bilan ayta olamizki, yurtimizda yaratilayotgan har bir ish oʻrni, qad koʻtarayotgan har bir korxona, xalqimiz ogʻirini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport boʻlayotgan har bir mahsulot – sizning jasorat bilan qilayotgan mehnatingiz, tashabbus va izlanishingiz mahsulidir», — dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.
Bugungi tadbir shunchaki anjuman emas, davlat va biznes oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydoni ekani taʼkidlandi.
«Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod boʻladi.
Shu bois, bugun sizlarni eshitamiz. Sizning ovozingiz orqali hal qilinadigan masalalarni birgalikda muhokama qilib, ularga aniq yechimlar haqida kelishib olamiz», — dedi Prezident.