Oʻsimliklar dunyosi hayot uchun zarur kislorodning asosiy manbaidir. Tadqiqotlarga qaraganda, 1 gektar maydondagi daraxtzor bir kecha-kunduzda 220-275 kilogrammgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor oʻrtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan taʼminlashga yetadi. Boshqacha aytganda, toʻrtta daraxt bir kishining kislorodga ehtiyojini qondiradi. Shu bois, yashillikni asrash va koʻpaytirish masalasi doimo dolzarb.
Mamlakatimizda bu yoʻnalishda ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yashil maydonlarni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish barobarida ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida 2030-yilgacha boʻlgan davrda Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya doirasida tizimli ravishda tegishli “yoʻl xarita”lari va davlat dasturlari amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli choralar koʻrilmoqda. Xususan, qimmatbaho navli daraxt va butalar kesilishiga moratoriy joriy qilinib, mamlakat miqyosida daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.
Daraxt kesish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali amalga oshirish uchun “Ekologik patrul” tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu borada Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya vakolatlari kengaytirilmoqda. Shuningdek, daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesish uchun belgilangan javobgarlikni yanada kuchaytirish hamda noqonuniy kesilgan daraxt oʻrniga kompensatsiyaviy daraxt ekish masalalarini qonun darajasida tartibga solish va kompensatsiyaviy koʻchatlarni noqonuniy kesilgan joyga ekish majburiyatini belgilash choralari koʻrilmoqda.
Ushbu yoʻnalishdagi huquqbuzarliklar profilaktikasida siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlar faolligi yaqqol koʻrina boshladi. Xususan, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar jarayonida ekologik yoʻnaltirilgan yondashuv barqaror rivojlanishda muhim omil boʻlishini anglagan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi daraxt kesish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar profilaktikasida muhim ishtirokchi sifatida faollik koʻrsatmoqda. Partiya va uning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi jamiyatda ekologik xuquqbuzarliklarga qarshi parlament va jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirib kelmoqda.
Ekologik xuquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy vazifasi jamiyatda ekologik ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, oʻrganish va bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrishdan iborat. Mamlakatda ushbu jarayonni tashkil etish koʻlamidan kelib chiqqan holda, mazkur vazifalarni yanada kengaytirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Biroq ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xuquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yoʻnaltirilmagani va ularga kompleks yondashilmayotgani, shuningdek, huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti. Jamiyatda oʻsimlik va hayvonot dunyosidan foydalanish sohasida, yer, suv va atmosfera havosining ifloslanishi borasida ekologik xuquqbuzarliklar sodir etilmoqda, ular soni oshib borishi esa ekologik barqarorlikka putur yetkazmoqda.
Vakolatli organlarning yetarli darajada tashabbus koʻrsatmagani, idoralararo hamkorlik lozim darajadagi yoʻlga qoʻyilmagani, koʻrilgan chora-tadbirlarning oʻzaro nomutanosibligi ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishni talab etdi.
Daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga qarshi joriy etilgan moratoriy institutini maqbul darajada ishlayapti, deya olmaymiz. Xususan, bunday huquqbuzarlik 2020-yilda 3960 ta, 2021-yilda 4703 ta, 2022-yilda 4673 tani tashkil etgan. Bu holat amaldagi jarimalar yetarli darajada tiyib turish taʼsiriga ega emasligini koʻrsatmoqda.
Shu sababli soʻnggi vaqtlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bogʻliq holatlar keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari eʼtirozlarini keltirib chiqarmoqda. Jumladan, 2022-yil davomida elektron ommaviy axborot vositalarida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar kesilishiga doir 50 dan ortiq material eʼlon qilingan. Jumladan, shu kunlarda qurilishi rejalashtirilgan xalqaro avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida Surxondaryo viloyati hududida 21,8 ming, Buxoro viloyati hududida esa 28,9 ming, jami 50 mingdan oshiq daraxt kesilishi koʻzda tutilgani eʼtirozlarga sabab boʻldi.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlardagi deputatlari, ekspert va mutaxassislar hamkorligida joriy yil 29-iyul kuni Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida oʻrganish ishlari olib borildi. Tashkil etilgan maxsus ishchi guruh tomonidan kesilishga tushgan barcha daraxt va butalar inventarizatsiyadan oʻtkazildi va ularni saqlab qolish boʻyicha tavsiyalar berildi. Bugungi kunda yoʻl qurilishi loyihasiga ushbu takliflarni inobatga olgan holda oʻzgartishlar kiritishga erishildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi yuzasidan olib borilgan parlament nazorati natijalarida respublika boʻyicha 2022-yilda jami 4,5 million tup koʻchat sugʻorish tizimini hisobga olmasdan ekilgani, 2022-yil bahor mavsumida ekilgan 79,7 million tup koʻchatdan 2,7 million tupi suvsizlikdan, 1,9 million tupi qumli, toshli yerlarga, mavsumdan kechikib yoki kasallangan holatda ekilishi oqibatida qurigani aniqlangan.
Ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda bu boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirishning taʼsirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf qilishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida quyidagilar tavsiya etiladi:
— fuqarolarning ekologik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash, shu jumladan, bu borada aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;
— ekologik huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali ekologik huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish;
— huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining mukammal ish shakli va uslublarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, profilaktik ishlar natijasidan fuqarolarning qoniqish hosil qilishi va aholi bilan hamkorlik darajasini inobatga oladigan baholashning aniq mezonlarini joriy etish;
— idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, videokuzatuv, elektron hisobga olish va oʻzaro axborot almashish, idoralararo maʼlumotlar bazalari tizimlarini profilaktik ishlarga keng joriy etish;
— jamoatchilik ekologik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
— huquqbuzarliklar profilaktikasiga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ragʻbatlantirish orqali jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish lozim.
Bir soʻz bilan aytganda, ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish nafaqat davlat organlarining, balki shu jamiyatning aʼzosi hisoblangan har bir insonning vazifasidir. Eng avvalo, oʻzimiz, oila aʼzolarimiz tabiat va jamiyat oldidagi masʼuliyatni doimo his qilib, atrofdagi hodisalarga beparvolik bilan munosabatda boʻlmay, tabiat neʼmatlari qadriga yetib yashash barchamizning kundalik hayot tarzimizga aylanishi zarur.
Islom XUSHVAQTOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati