Har kuni 75 kilometr yoʻl bosib maktabga qatnaydigan oʻqituvchiga poyezdda bepul yurish imkoniyati berildi

    Transport 5 Mart 2021 544

    Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda 75 kilometr yoʻl bosib, yaʼni Popdan Namanganga borib maktabda dars berib kelayotgan, Munisa Meliboyeva haqida xabarlar berilgan edi.

    Oʻz kasbining fidoiysi boʻlgan ushbu oʻqituvchi qiz har kuni temir yoʻldan foydalanishini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan unga imtiyozli sertifikat berildi. Namangan temir yoʻl vokzalida mazkur hujjat oʻz egasiga topshirildi.

    Yosh va shijoatli hamda harakatchan Munisa Meliboyeva ushbu sertifikat bilan 6381/6382-sonli Qoʻqon – Namangan yoʻnalishidagi shaharlararo qatnovchi elektropoyezdlarida Pop – Namangan va Namangan – Pop yoʻnalishida 2021-yilning 31-dekabriga qadar bepul yurish imkoniyatiga ega boʻldi.

    – 8-mart – Xalqaro xotin qizlar bayrami arafasida menga juda katta sovgʻa boʻldi, – deydi Munisa Meliboyeva. – Buning uchun men avvalo muhtaram Prezidentimizga, Transport vazirligiga hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbariyatiga oʻzimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Bunday qulaylikdan foydalanib, bor bilimimni, tajribamni ishga solib, yoshlarimizning yetuk inson boʻlib yetishishlariga oʻzimning yana-da koʻproq hissamni qoʻshishga vaʼda beraman.

    Albatta, bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama bilimli, sogʻlom va komil inson qilib tarbiyalab voyaga yetkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlarni roʻyobga chiqarish uchun malakali kadrlarni, ayniqsa, oʻz kasbini sevib, olis hududlarga borib yosh avlodni tarbiyalayotgan oʻqituvchilarni qoʻllab quvvatlash, ularga qulayliklar yaratib berish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.