Suv —  hayot manbai! Tiriklikni uningsiz tasavur etib bo'lmaydi. Mutaxassis va olimlarning fikricha, inson tanasining 60 -70 foizi suvdan iborat. Yiliga har bir odam 60 tonnagacha suv iste'mol qiladi. Havo salqin bo'lsa, suvsizlikka eng uzog'i bilan 11 kungacha chidash mumkin, issiqda odam tashnalikka uch kungina bardosh bera oladi.

         Hozir dunyoda 1 milliarddan ortiq kishi yoki jami aholining ettidan bir qismi toza ichimlik suviga muhtoj. Hozir Er yuzida sal kam ikki yarim milliard kishi suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan hududlarda istiqomat qiladi. Sifatli ichimlik suvi etishmasligidan jahonda yiliga 10 milliondan ortiq kishi nobud bo'layapti...

Ana shu raqamlarning o'zi suvning odam hayotini yaxshilash, uzoq umr ko'rish va boshqa tabiiy resurslarni saqlashdagi ahamiyatini yaqqol ko'rsatib turibdi.

Xalqimiz azaldan har qanday. qiyinchilik va muammoga sabru qanoat bilan yondashib, ularning echimini topgan, shukuronalik bilan yashab kelgan. Bu jihatlar ichimlik suv ta'minoti masalasida ham yaqqol ko'zga tashlanadi. Masalan, Toshkent tumanidagi “Ko'ksaroy” fuqarolar yig'iniga qarashli qishloqlar ahli uchun ilgarilari Zog'ariqdan oqqan suv asosiy manba bo'lgan. Kuz-qish oylarida esa, bu vazifani bajarish mahallalardagi hovuzlar zimmasiga tushgan.

           Tumanimizga o'tgan asrning etmishinchi yillari o'rtalarida ichimlik suv quvurlari tortib kelindi. Afsuski, aholining xursandchiligi uch-to'rt yilga ham etmadi. Avvaliga suv haftada bir – ikki marta, keyinchalik oyda bir keladigan bo'ldi. O'sha kezlarda yana Zog'ariq kanalining suvi jonimizga oro kirdi.

          2000 yilda mahallamizdagi fidoyi insonlarining elib yugurishlari tufayli Toshkent halqa yo'li yonidan o'tgan quvurdan mahallamizga ichimlik suv tortildi va muammo muayyan muddatga hal etildi. O'tgan 22 yil mobaynida aholining keskin ko'payishi yana suv muammosini dolzarb masalaga aylantirdi, xonadonlarga haftasiga bir-ikki marta navbat bilan suv beriladigan bo'lindi.

Prezidentimizning 2017 yil 3 martdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruktsiya qilish va qurish (1 bosqich)” loyixasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida“ qarori nainki mahallamiz, balki boshqa tumanlar ahlini juda mamnun qildi. CHunki, unda Toshkent  viloyatining Qibray, Toshkent  va Zangiota tumanlari aholisini to'liq ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki krediti xisobidan 120,9 million, O'zbekiston Respublikasining 22.9 million, jami 143.8 million AQSH dollar qiymatiga teng bo'lgan loyixa ishlarini amalga oshirish belgilangan edi.

2019 yil mart oyida uchta tumanga suv etkazib berishga mo'ljallangan “Qodiriya” suv inshooti qurilishi boshlangan edi. Ayni damda bu erda markaziy suv tarmoqlarini yotqizish, fil`trlash, bakteriologik laboratoriyalari, inshootning asosiy qismlarini bunyod etish ishlari olib borilmoqda. Uning quvvati sutkasiga 100 ming kub metr suvni qayta ishlash imkoniga ega. Suvni tozalash 6 bosqichdan o'tkaziladi, Bo'zsuv kanalidan tortib olinayotgan obi-hayot manbasi shu erning o'zida gidroxlorid natriy bilan tozalanadi. Toza suv zaxirasini saqlaydigan maxsus joy ham qurilyapti.

Loyihadagi ishlarning amalga oshirilishi natijasida 49256 ta xonadonlarga suv o'lchagich o'rnatish, hamda 265 mingdan ortiq aholi ichimlik suvi bilan ta'minlanishi ko'zda tutilgan. ob'ekt foydalanishga topshirilgandan keyin viloyat aholisini ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 60 foizdan 92 foizgacha oshadi. SHunday qilib, 58 ta mahalla toza ichimlik suviga ega bo'ladi.

Toshkent  tumani xududida 150 kilometr ichimlik suv quvurlari tortildi,to'rtta suv havzasida qurilish ishlari davom etyapti. Kelesdagi shunday inshoot esa qayta ta'mirlanmoqda.

Tumanimizda tashkil etilgan jamoatchilik nazorat gruhi tuzilgan. Uning tarkibida tuman kengashi deputatlari, mahalla raislari va faollar bo'lib, suv qurilishi ketayotgan joylardagi holat, ish sifatini kuzatib boryapti.

Inshootlarning o'z vaqtida va sifatli qurilishi elimizning olis yillik armonlarining ushalishiga, inson qadrining yanada ko'tarilishiga, aholining toza ichimlik suviga bo'lgan ehtiyojining to'la ta'minlanishiga xizmat qiladi.

                                                      Mirislom USMONOV,

Xalq deputatlari Toshkent tumani kengashi deputati,

mehnat faxriysi