“Azm-u shijoatli yoshlarimiz – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlaridir”.
Joriy yil Yoshlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanadagi Prezidentimiz nutqida qat’iy ishonch bilan zuhur etilgan bu fikr yuragimda azmu shijoatli, bilimli, ishbilarmon, ona Vatan va ona xalq uchun fidoyilik ko‘rsatadagina yoshlarning hayratomuz ishlari haqida qalam tebratish ishtiyoqini jo‘shtirib yubordi.
Qo‘qon shahrida tug‘ilib, kamolga yetgan yosh tadbirkor, faol jamoatchi Rustamjon Husanov ana shunday shijoatli yoshlardan biri. U o‘rta maktabni a’lo baholar, namunali xulq bilan tamomlagach Qo‘qon davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Dastlab bakalavriat, so‘ng magistraturada o‘qidi.
2021 yil Respublika yoshlari forumida Prezidentimiz bilan uchrashib, yuzma-yuz suhbatlashish baxtiga erishganidan behad ruhlanib, shunday dedi:
– Davlatimiz rahbarining biz kabi yoshlarga katta e’tibor ko‘rsatib, rejalarimizni amalga oshirishimiz uchun imkoniyatlar yaratib berayotganidan qalbim faxru iftixorga to‘ldi. Ona Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz hayotining yanada farovonligi yo‘lida astoydil xizmat qilishga bel bog‘ladim.
O‘zbekiston mustaqilligining 25 hamda 30 yilligi munosabati bilan ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan faol yigit institutdagi o‘qishini tugallashi bilan shahar hokimligi uni shahar Axborot-kutubxona markaziga rahbar etib tayinladi. O‘sha kundan kitobxonlarga qulayliklar yaratish, kitob fondini yangi adabiyotlar bilan boyitish, kitoblarning o‘zbek, rus va ingliz tillarida bo‘lishini taminlash kabilar bo‘yicha ko‘p va xo‘p ishlar bajarildi. Bugungi kunda shahar Axborot-kutubxona markazi fondida 86600 dan ziyod turli soha va tillardagi kitoblar mavjud. Kutubxonadan doimiy foydalanuvchilar soni esa o‘n ikki mingdan oshdi. Sarvara Najmiddinova, Ruxshona Mamatxonova, Azizaxon Usmonovalar eng faol kitobxonlar sanaladi.
– Rustamjonni ko‘p yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatsak arziydi, – deydi Qo‘qon shahar hrkimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Anvarjon Aliyev. – U ko‘plab istiqbolli loyihalar muallifi sifatida davlat grantlari g‘olibi hamdir. Uning qalbida yurtdoshlarimizga mehr-muruvvat ko‘rsatish ishtiyoqi jo‘sh urib turadi. Rustamjon ko‘p savobli ishlarga qo‘l urayotir.
E’tiborlisi, R.Husanov 2021 yili Farg‘ona viloyati Adliya boshqarmasi ro‘yxatidan o‘tib, tegishli guvohnoma asosida “Mehr-muruvvat” markazini tashkil etdi. Aholining ijtimoiy himoyaga qatlami vakillarining tadbirkorlik va oilaviy biznesini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda, boqimandalikni kamaytirish maqsadida ishsizlarni ish bilan ta’minlashga erishmoqda.
Markaz 2021 yili "Yuksalish" umummilliy harakati tomonidan eng faol nodavlat notijorat tashkilotlar qatorida e’tirof etildi. Shuningdek, "2021 yil – pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashda davlat organlariga ko‘maklashuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari" tanlovining g‘olibi bo‘ldi.
– Mana, ikki yildirki, Dang‘ara tumanidagi Qizilmusht qishlog‘ida zamonaviy loyiha asosida 20 xonadonga mo‘ljallangan besh qavatli turar-joy binosi qurilishini olib boryapmiz, – deydi R.Husanov. – Ayni kunlarda 5-qavat qurilishi ketyapti. Maqsadimiz – uyni yil oxiriga qadar uy-joysiz, ijarama-ijara sarson yurgan yurtdoshlarimizga topshirish. Bino uchun shu kungacha 798 million 330 ming so‘m xayriya va homiylik mablag‘lari sarflandi.
Istardikki, yurtimizda Rustamjon kabi qadriyatlarni qadrlaydigan, bilimli va xayr-saxovatli yoshlar safi kengayib boraversin. Chunki jonajon Vatanimiz kelajagi, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, azm-u shijoatli, bilimdon va g‘ayratli yoshlarga bog‘liq.